12-iyun kuni hukumatning “Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjata ko‘ra, Xalqaro etnosport festivali 2023-yil 7−10-sentabr kunlari Xivada o‘tkaziladi. Uni o‘tkazish tartibi bo‘yicha tasdiqlangan nizomga ko‘ra, festival har 2 yilda bir marta o‘tkaziladi.

Festival doirasida, jumladan, quyidagilar tashkil etiladi:

  • sportchilar ishtirokida xalqaro musobaqalar;
  • ikki bosqichli milliy osh pishirish chempionati;
  • naqqoshlik va kashtado‘zlik san’ati ko‘rgazmasi;
  • kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi;
  • o‘zbek, fors, arab, rus tillarida nashr etilgan adabiyotlar namoyishi.

Festival doirasida xalqaro musobaqa g‘olib va sovrindorlari medal va diplomlar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, sport tadbirlari ishtirokchilari orasidan “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi sportchi”, “Faxriy sportchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar aniqlanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishi nazarda tutilgan.