“Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi Toshkent filiali direktori o‘rinbosari Bekzod Kulibayev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida, shahar elektr ta’minotidagi uzilishlar sabablari, avariyaviy holatlar, rejali yangilash ishlari bo‘yicha savollarga javob berdi. Quyida intervyudagi asosiy fikrlarni qisqacha keltirib o‘tamiz.

Nima uchun shahar elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda?

Ta’minot ba’zi hududlarda prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini ta’minlash kabi rejaviy amalga oshiriladigan ishlar sababli o‘chirilyapti.

“Bu ishlarni kuchlanish ostida amalga oshirib bo‘lmaydi, shu sababli o‘chirib ishlashga to‘g‘ri keladi”, — dedi Bekzod Kulibayev.

Avariyaviy holatlar ham kuzatilyaptimi?

Shaharda avariyaviy holatlar ham kuzatilmoqda, lekin uzilishlarga asosiy sabab bu emas.

“Yuqorida ta’kidlaganimdek, [uzilishlar] qarorlar ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish maqsadida rejali o‘chirishlar hisoblanadi. Albatta, avariyaviy o‘chishlar ham bor, umuman yo‘q deb bo‘lmaydi. Bu avariyaviy o‘chishlarni qisqa muddatda bartaraf etish uchun tezkor xodimlarimiz mavjud. Bugungi kunda avariyaviy o‘chishlar kamaygan. Toshkent shahridagi kabel tarmoqlarida eskirgan joylari bor, chunki shahardagi barcha eski kabellarni to‘liq yangilab bo‘lganimiz yo‘q. Qarorda [2023-yil 11-martdagi prezident qarori] 2023−2025-yillarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqilgan. Aynan bu yilgisini yakunladik”, — dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi Toshkent shahri filiali direktori o‘rinbosari.

Qaysi hududlarda ta’mirlash va almashtirish ishlari amalga oshirilishini ko‘rsatuvchi hujjat bormi?

Qayerda elektr o‘chishi va qaysi yo‘llarda ishlar amalga oshirilishini ko‘rish uchun Prezidentning 91-sonli qarorida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar manzilli ro‘yxati ilova qilingan (3-ilova).

Prezident qarorida belgilangan ishlarning qancha qismi bugungi kunga kelib bajarib bo‘lindi?

Prezident qarori bilan 2023−2025-yillarda amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, 2 ming 969,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 703 ta transformator punktlarini yangilash rejalashtirilgan.

Shundan 2023-yili 903,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 228 ta transformator puntlari yangilanishi ko‘zda tutilgan. 10-iyun holatiga 921,7 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 228 ta transformator punktlarini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Ya’ni qarorda ko‘zda tutilgan ishlarning 2023-yilda rejalashtirilgan qismi to‘liq bajarildi.

Bekzod Kulibayev bilan mazkur intervyu 10-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Mutaxassis intervyuda elektr ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sababi Prezident qarori ijrosini ta’minlash bo‘lganini va qarordagi ishlarning 2023-yilga rejalashtirilgan qismi 10-iyungacha bajarib bo‘linganini aytdi. Lekin 12-iyun kuni ham Toshkent shahrining Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida ta’mirlash ishlari tufayli elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.

“Gazeta.uz” “HETK” Toshkent shahar filiali bilan bog‘lanib, nima uchun prezident qarori ijrosi yakunlangan bo‘lsa ham elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotganini so‘radi. Qayd etilishicha, hozirgi kunga kelib transformator punktlarini va kabellarni yangilash ishlari yakunlangan. Lekin kabellarni tortish bilan bog‘liq ba’zi ishlar hali tugatilmagan.

Kabellar va transformator punktlari yangilanganidan keyin nimaga erishiladi?

Kabel tarmoqlarida eskirgan yoki shikastlangan joyi ko‘p. Ular almashtirildi. Bu orqali avariyaviy o‘chishning oldi-olinadi.

“Albatta, barchasi yuklamadan kelib chiqadi. Avariya umuman bo‘lmaydi, deb aytib bo‘lmaydi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: O‘sha yuklamaning hisobi olinmaydimi? Yuklamaning hisobi olinadi. O‘shanga asosan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi.

Yuklamaning ortishi baribir elektr energiya iste’molchilariga bog‘liq. Bugungi kunda biz bitta xonadonda aytaylik, bitta konditsionerni quvvatini [hisobga] olib, loyiha-smeta hujjatini ishlab chiqib, hisob-kitobini qiladigan bo‘lsak, o‘zizga ma’lum, bitta xonadonda 2−3 tadan konditsioner qo‘yish imkoniyatiga ega iste’molchilarimiz bor-da. Biz normaga nisbatan 1 ta yoki 2 ta hisoblagan bo‘lishimiz mumkin.

Kafolatga keladigan bo‘lsak, aynan shu ishlarni amalga oshirgan joyda kafolatlashimiz mumkinu, baribir endi hammasi Xudodan. Oldindan bir narsa deyish yoki umuman o‘chmaydi deyish noto‘g‘ri bo‘lsa kerak deb hisoblayman. Chunki rivojlangan davlatlarda ham umuman elektr energiyasida o‘chish bo‘lmayapti degan tushuncha bo‘lmasa kerak hech kimda", — dedi Bekzod Kulibayev.

Kabellar va transformatorlar almashtirilganidan keyin amaldagi yuklama prognoz qilingan yuklamadan oshib ketmasa, yana qanday vaziyatlarda elektr ta’minoti uzilishi mumkin?

Agar tanlagan kabel o‘zining me’yoriy yuklamasi bilan ishlasa, u joylarda avariyaviy o‘chishlar bo‘lmaydi.

Qaysi hududlarda yangilash ishlari birinchi navbatda amalga oshirilishi qanday aniqlab olindi?

2023-yilning boshida, qish faslida elektr energiyasida juda katta avariyaviy o‘chishlar kuzatildi. Ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Infratuzilma birinchi navbatda qayerda yangilanishi aynan mana shu murojaatlardan kelib chiqib, ko‘p avariyaviy holatlar kuzatilgan hududlarni tahlil qilgan holda, shu bilan birga eskirgan elektr uzatish tarmoqlari hamda yuklama bilan ishlayotgan transformator punktlari haqidagi ma’lumotlarga asosan tuzilgan.

2024−2025-yilda almashtirish ishlari amalga oshiriladigan hududlar bilan nima bo‘ladi? Ya’ni u hududlarda avariyaviy o‘chishlar bo‘lishi kutilmayaptimi? Yaxshilanayotgan infrastruktura avariyaviy holatlarning oldini oladi. Shundan kelib chiqib keyingi yillarda ishlar amalga oshiriladigan hududlarda avariyaviy o‘chishlar kuzatilishi mumkinmi?

Prezident qarorida 2023-yil amalga oshiriladigan ishlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilgan. 2024 va 2025-yillar uchun ro‘yxat ham shakllantirilgan, ammo prezident qarorida ko‘rsatilmagan.

Lekin 2024−2025-yillarda ham avariyaviy o‘chishlar kuzatilsa, aynan shunday joylar keyingi yildagi dasturga kiritiladi.

“Shu kecha-kunduzda bizning o‘z og‘riqli nuqtalarimiz bor. Unga asosan dasturlarni shakllantirib bo‘lganmiz. Bu 2024-yilda amalga oshirilishi kutilyapti. Amalga oshgunga qadar qandaydir avariyaviy o‘chishlar kuzatilsa, yuqorida aytganimdek, qisqa muddatda bartaraf etiladi. Shu bilan birga manzilli dasturimizga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi”, — dedi Bekzod Kulibayev.

Rejali ta’mirlash ishlari nega aynan jazirama yozda boshlandi?

Bekzod Kulibayev rejali ta’mirlash ishlari yozda boshlanmaganini ma’lum qildi.

“Yo‘q, yozda boshlanmadi. Bahordan boshlangan. Yangi qurilish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish ishlari rejalashtirilgani singari, mukammal ta’mirlash, joriy ta’mirlash ishlari ham rejalashtiriladi. Va bu 1-sentabrga qadar davom etadigan ishlar hisoblanadi. Sababi, butun Toshkent shahrining barcha hududlarida bir kunda yoki 10 kunda, yoki 1 oy ichida bunaqa katta hajmdagi ishlarni amalga oshirishning iloji yo‘q.

Shu bilan birga, yuqorida ta’kidlaganimdek, qurilish-montaj ishlarini yoki joriy mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun biz xavfsizlikni ta’minlash maqsadida elektr tarmog‘idan uzib keyin ishlashimiz kerak. Toshkent shahrining barcha joyida baravar ish boshlagan taqdirimizda ham shaharni elektr energiyasisiz qoldirib bo‘lmaydi. Shuning uchun shaxmat usulida, rejali o‘chiriladi.

Misol uchun, bugun bu mahallani o‘chirdik, u yerda ishladik, ertaga umuman qarama-qarshi tomondagi mahallani o‘chiramiz, u yerda ishlar amalga oshiriladi", — dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi Toshkent shahri filiali direktori o‘rinbosari.