13-iyun kuni Toshkentda Asia Connect: Aviation Strategy aviakonferensiyasi ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarida faoliyat yurituvchi aviakompaniyalar, aeroportlar, xizmat ko‘rsatuvchilar va aviatsiya nazorati organlarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Anjumanda Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva ham so‘zga chiqdi.

“Biz hozirda Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, hattoki amalda yangisini qurish, shuningdek, Buxoro aeroportini rekonstruksiya qilish bo‘yicha ikkita loyihani tayyorladik. Katta ehtimol bilan, bu — xususiy sheriklarni tanlash bo‘yicha tanlovlar kuzda bo‘ladi”, dedi u.

Ra’no Jo‘rayeva Samarqand aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida rivojlantirish tajribasi asosida ikkita yangi loyiha tayyorlangani va amalga oshirilishini ta’kidladi.

“Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarni rivojlantirish bo‘yicha ham bir qancha loyihalar tayyorladik. Biz hozir Toshkent aeroportini rivojlantirish bilan yaqindan shug‘ullanyapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Uzbekistan Airports rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston aeroportlari infratuzilmasini rivojlantirishga 200 mln dollardan ortiq sarmoya yo‘naltirilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonga 58 ta aviakompaniya parvoz qilmoqda, yo‘lovchilarning tranzit oqimi ham ortib bormoqda, ular o‘zlari uchun mamlakat aeroportlarida qulay tutash reyslarni ko‘rishmoqda.