“Toshkent” respublika fond birjasining 9-iyundagi qarori bilan “Xalq banki” aksiyadorlik tijorat bankining oddiy aksiyalari 12-iyundan birjaga chiqarildi.

“„Toshkent“ RFBning 2023-yil 9-iyundagi boshqaruv qarori bilan „Xalq banki“ ATBning oddiy aksiyalari (UZ7055620007) XKBK — birja tikeri bilan 12-iyundan birja kotirovkalash varag‘i Stock Market aksiyalar bozorining „Standart“ kategoriyasiga kiritildi”, — deyiladi respublika fond birjasi xabarida.

2021-yil 13-aprelda prezident farmoni bilan 2021−2023-yillarda aksiyalari fond birjasida ommaviy savdo uchun joylashtiriladigan kompaniyalar ro‘yxati tasdiqlangandi. Mazkur ro‘yxatga “Xalq banki” ham kiritilgan.

2022-yil 18-mart kuni imzolangan prezident qarori bilan “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Agro bank”, “O‘zmilliybank”larning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) 2023-yil 1-iyulga qadar amalga oshirilishi belgilangandi.

2023-yil 24-mart kuni prezident yana bir qarorni imzoladi. Hujjat bilan aksiyalari paketlari “Bir aksiya — bitta lot” tamoyili bo‘yicha xalq IPO`sini o‘tkazish tartibida ochiq kimoshdi savdolari orqali sotiladigan 40 ta korxona ro‘yxati tasdiqlangan. “Xalq banki” bu ro‘yxatda ham qayd etib o‘tilgan bo‘lib, qarorga ko‘ra, aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiradi.

2023-yilning birinchi choragi ma’lumotlariga ko‘ra, bankning ustav kapitali 7,35 trillion so‘mni tashkil etadi va 5,29 trillion so‘mlik o‘z kapitaliga ega. Birinchi chorakdagi sof daromadi 61,37 milliad so‘mni tashkil etgan.