Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Abay viloyatida sodir bo‘lgan yirik o‘rmon yong‘inlari oqibatida insonlar halok bo‘lgani va katta ziyon ko‘rilgani munosabati bilan Qasim-Jomart Toqayevga va qardosh xalqqa ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

“Davlatimiz rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi”, — deyiladi xabarda.

O‘rmon yong‘inlari haqida

Tengrinews ma’lumotiga ko‘ra, Abay viloyatida 8-iyun kuni boshlangan o‘rmon yong‘ini oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan. Rossiya bilan chegaradosh viloyatda sodir bo‘lgan yong‘in maydoni 60 ming gektardan oshiqni tashkil etgan.

Shu munosabat bilan mamlakatda 12-iyun milliy motam kuni sifatida belgilandi.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, yong‘in hali to‘laqonli bartaraf etilgani yo‘q, u Abay viloyatidagi yana bir qishloqqa yaqinlashmoqda. Qishloqlar aholisi tabiiy ofat hududidan evakuatsiya qilinmoqda.

Qasim-Jomart Toqayev yong‘inga to‘xtalib, davlat rahbari sifatida bo‘lib o‘tgan voqea uchun uzr so‘radi.

“Bu juda og‘ir ekanini tushunaman. Siz boquvchingiz, oila boshingiz, eng yaqiningizni yo‘qotdingiz. Lekin, afsuski, hayotda bunday holatlar bo‘lib turadi. Bo‘lib o‘tgan ishlarni oqlab bo‘lmaydi. Yana bir bor takror aytamanki, sizga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatiladi”, — deydi u yirik yong‘in oqibatida halok bo‘lgan o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirar ekan.

Tezkor shtab yig‘ilishidan so‘ng Toqayev yong‘inlarni bartaraf etishda ishtirok etayotgan qutqaruvchilar va ko‘ngillilar bilan suhbatlashdi.

“Hozirgina mahalliy aholi bilan uchrashdim. Ular hukumatga nisbatan mutlaqo adolatli tanqid va shikoyatlar bildirdi. Vaziyat juda jiddiy. Shunday ekan, biz bir xalq, bir millat bo‘lib birlashib, hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak. Barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Sizning mehnatingiz davlat e’tiboridan chetda qolmaydi”, — deya ta’kidladi prezident.