Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni 86 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda BBC News.

Siyosatchi Milandagi kasalxonada vafot etdi, u yerda so‘nggi olti hafta davomida surunkali leykemiya (qon va suyak iligi saratonining turli shakllarining umumiy nomi) bilan bog‘liq o‘pka infeksiyasiga qarshi davolangandi.

Milliarder va mediamagnat Silvio Berluskoni ilk bor 1994-yilda Forza Italia partiyasini tuzib, hokimiyat tepasiga kelgan. U 1994−1995, 2001−2006 va 2008−2011-yillarda Italiya bosh vaziri lavozimlarida ishlagan.

Faoliyati davomida Berluskoni bir necha jinoiy ishlarda gumonlangan. 2013-yilda u soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda aybdor deb topilib, bir yilga jamoat ishlariga jalb etilgan.