Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oltin va yoqut toshining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Bulung‘ur tumanidagi “Yuqori nuqta” YPX maskanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahriga harakatlanayotgan 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Nexia avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Uning salon qismida umumiy og‘irligi 1 kilogramm 75 gramm bo‘lgan 11 dona bo‘lakdagi oltin borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Mutaxassislarning baholashicha, ushbu 999 probali oltinning qiymati 795 mln so‘mni tashkil etadi.

Yana bir tezkor tadbirda 1968-yilda tug‘ilgan shaxs sof og‘irligi 838 gramm bo‘lgan yoqut qimmatbaho toshini 300 ming dollarga sotishga kelishib, 80 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u mazkur qimmatbaho toshni 1960-yilda tug‘ilgan fuqarodan olganli aniqlanib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida u ham ushlangan. Mutaxassislarning baholashicha, ushbu qimmatbaho toshning narxi 477 mln 256 ming so‘mni tashkil etadi.

“Har ikki fuqaro ham muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan bo‘lsalar-da, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.