Toshkent shahri tumanlararo iqtisodiy sudi Intermed Innovation xususiy tibbiyot markazi litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqardi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

SSVning qayd etilishicha, xususiy klinika Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan 3-sonli oilaviy poliklinika binosida litsenziyasiz tibbiy faoliyat bilan shug‘ullangan.

Shundan so‘ng mazkur MCHJga moliyaviy jarima belgilanib, vazirlikning bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalardan iborat qarori qabul qilingan. “Ammo Intermed Innovation bu talablarni bajarmay, boshqa qator manzillarda ham o‘z noqonuniy faoliyatini litsenziya olmasdan davom ettirib kelgan”, — deyiladi xabarda.

Oqibatda vazirlik Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021-yil 18-fevral kuni berilgan litsenziyani bekor qilish va 90 million so‘m jarima undirishni so‘rab ariza kiritgan.

4-may kuni sud bu talablarni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan. Bu qarordan norozi bo‘lgan javobgar — Intermed Innovation Toshkent shahri umumyurisdiksiya sudi (iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati)ga apellyatsiya shikoyati kiritgan.

Biroq ariza qanoatlantirilmagan, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan va 31-may kuni qonuniy kuchga kirgan.

“Shundan kelib chiqib, Intermed Innovation MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziya rasman bekor qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining „Litsenziya“ axborot tizimi orqali reyestrga tegishli yozuv kiritilgan”, — deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinov.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Intermed Innovation 2010-yil iyun oyida Toshkentda tashkil etilgan. Asosiy faoliyat turi — boshqa texnikalar va tibbiy asbob-uskunalar ulgurji savdosi. Kompaniyaning 99,3 foizi (qolgan 0,7 foizi Oleg Jivetinga tegishli) Edinburgh, Office 7, 196 Rose Street manzilida ro‘yxatdan o‘tgan Silverdale Trade L. P. shotland ofshoriga tegishli. Ushbu manzilda yana 339 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan.

Intermed Innovation qo‘shma korxonasi Health Lab Plus, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida ro‘yxatdan o‘tgan Bek Oil, Intermed Leasing, Intermed Innovation Trade, Advent Capital Trade sho‘’ba korxonalariga ega. Affillangan shaxslar orasida Oleg Jivetin, Ulug‘bek Mullamuhamedov va boshqalar bor.

2022-yil boshida Intermed Innovation kompaniyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan konsessiya shartnomasi asosida tendersiz, Markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasini (MKDL) yaratish bo‘yicha loyiha operatori sifatida tanlangani xabar qilingandi. Laboratoriyalar tashkil etish uchun Toshkent va Toshkent viloyatidagi 178 ta klinikadan binolar olingan. Intermed`ni ustun mavqega ega bo‘lishda ayblagan boshqa tadbirkorlarda ham savollar paydo bo‘lgan loyiha haqida “Gazeta.uz” yozgandi. Monopoliyaga qarshi qo‘mita vaziyatni o‘rganishga kirishganini ma’lum qilgan.