AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekiston fuqarolariga AQSh vizasi berishni rad etish darajasi yuqori ekaniga izoh berdi.

2022-yilda AQShning Toshkentdagi elchixonasi murojaat qilgan O‘zbekiston fuqarolarining 47,04 foiziga B toifali viza (sayyohlik va ishbilarmonlik vizaci) berishdan bosh tortgan. Bu 2021-yildagi 45,98 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori, ammo 2020-yildagi pandemiya davridagi — 74,14 foiz, 2019-yildagi — 68,06 foiz, 2018-yildagi — 61,76 foiz va 2017-yildagi — 50,29 foizdan kam.

“Biz uchun yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazish juda qiyin bo‘lgan kovid davridagi turg‘unlikdan so‘ng o‘tgan yili ko‘proq odamlar bilan suhbatlashdik va 2022-yilda koronavirusdan oldingi 2019-yildagidan ko‘ra ko‘proq viza berdik. Bilasizmi, biz to‘liq ishga qaytdik va biz har qachongidan ham ko‘proq odamlar bilan suhbatlashyapmiz. Talabgorlar soni har qachongidan ham ko‘pligi aslida juda yaxshi belgidir”, — deydi u.

Elchining ta’kidlashicha, AQShga sayohat qilish istagida bo‘lganlar, jumladan, talabalar va tadbirkorlar soni ham ortib bormoqda. Elchixona AQShga borishni imkon qadar ko‘paytirish va osonlashtirish, shuningdek, ikki davlat manfaatlari yo‘lida imkon qadar ko‘proq aloqa o‘rnatish niyatida.

“Afsuski, har doim viza so‘rovi rad etiladigan odamlar bo‘ladi. O‘ylaymanki, siz ham juda yaxshi bilasiz, so‘nggi oylarda biz, masalan, O‘zbekistonning ko‘plab fuqarolari Meksikaga borib, so‘ng noqonuniy ravishda AQSh chegarasini kesib o‘tishga urinayotganiga guvoh bo‘ldik. Men ular bu ishni Disneyland`ga borish uchun qilishgan deb o‘ylamayman. To‘g‘rimi? Ular buni AQShda turistik viza bo‘yicha qonuniy bo‘lmagan iqtisodiy imkoniyatlarni ko‘rganlari uchun qiladi”, — dedi elchi.

Jonatan Xenikning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning millionlab fuqarolari mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli oilasini boqish uchun Rossiyada mehnat qilmoqda.

“Va, tabiiyki, O‘zbekiston fuqarolari AQSh va boshqa mamlakatlardan iqtisodiy imkoniyatlarni izlaydi. Lekin, albatta, siz bilasizki, AQSh Kongressi tomonidan bizga qo‘yilgan majburiyatlar bor va biz AQShga viza bilan boradigan har bir kishi, sayyohlik vizasi bo‘ladimi yoki talabalik vizasi bo‘ladimi, bu vizalar bilan qonuniy ravishda sayohat qilishiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Shuning uchun, kimdir viza uchun murojaat qilsa, lekin biz uning niyati AQShga sayyoh sifatida sayohat qilish emas, boshqa narsa ekanligini bilsak, afsuski, qonun bo‘yicha uning so‘rovini rad etishimiz kerak bo‘ladi”, — deb tushuntirdi u.

Diplomat AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan o‘zbekistonliklarning aniq sonini ayta olmadi.

“Aniq raqamni bilmayman. O‘ylaymanki, ko‘rganlarimiz ming nafar atrofida. Ochig‘ini aytganda, bu juda xavfli variant. Va men har qanday tomoshabiningizni bu imkoniyatni ko‘rib chiqishdan qaytargan bo‘lardim. Meksikadami yoki boshqa joydami, har doim bu odamlardan foydalanadigan, ularga keyinchalik bajarolmaydigan va’dalarini beradigan jinoyatchilar bor. Chegara orqali quruqlikdagi yo‘l ham juda va juda xavfli va, albatta, bilasizki, sizni qaytarib yubormasliklari va o‘zingiz uchun katta xarajat orttirib olmasligingizga hech qanday kafolat yo‘q”, — deya ogohlantirdi elchi.

U O‘zbekiston so‘nggi yillarda Diversity Visa dasturida (grin karta) g‘olib bo‘lganlar soni bo‘yicha mamlakatlar orasida doimo birinchi o‘rinlarda turganini eslatdi.

“Va bu, albatta, Qo‘shma Shtatlardagi imkoniyatlarga topishga harakat qilishning qonuniy yo‘li. Boshqa yo‘llar ham bor, masalan, AQShga borgan talabalar talabalik vizasi muddati tugaganidan keyin ma’lum muddat ishlash imkoniyatiga ega. Va bilasizki, agar sizga AQShdagi tadbirkorlik subyekti homiylik qilsa ham, AQShda qonuniy ishlash imkoniyati mavjud”, — dedi u.

2022-yilda AQShning Toshkentdagi elchixonasi “har qachongidan ham ko‘proq vizalarni rasmiylashtirdi”, — dedi diplomat.

“Buning sababi, arizalar soni ham ko‘proq. Demak, vizani rad etishlar soni ortib borayotgan bo‘lishi mumkin, ammo biz hali ham rekord miqdordagi vizalar beryapmiz. Men o‘z statistikamni ikki marta tekshiraman, sizga yolg‘on ma’lumot berishni xohlamayman. Ammo har bir viza berilganda, biz bu odamning AQShga qonuniy ravishda sayohat qilayotganini aniq bilmaymiz. Ular viza muddatidan o‘tib ketishlari mumkin. Kimdir AQShga sayohat qilganda va vizasi muddatidan o‘tib ketganda, biz AQSh rasmiylaridan bildirishnoma olamiz va bu ma’lumotlar AQShga kim qonuniy yo‘l bilan sayohat qilayotganini va u yerga kim noqonuniy harakatlar uchun borishga harakat qilayotganini yaxshiroq tushunishga yordam beradi”, — dedi Jonatan Xenik.