AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga o‘tgan yilning avgust oyida uning qarorgohida topilgan maxfiy hujjatlar yuzasidan jinoiy ish bo‘yicha rasman ayblov e’lon qilindi, deb yozmoqda The New York Times.

2022-yil yozida Federal qidiruv byurosi (FQB) Trampning Floridadagi Mar-a-Lago mulki bo‘yicha reyd o‘tkazgan va 11 mingta hujjatni, jumladan, “o‘ta maxfiy” deb belgilangan hujjatlarni musodara qilgan.

Nashrning yozishicha, ayblov yetti epizoddan iborat bo‘lib, ular orasida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash, yolg‘on ko‘rsatma berish va odil sudlovga to‘sqinlik qilish maqsadida til biriktirish kabilar mavjud.

Ish tafsilotlari 13-iyun kuni ma’lum bo‘lishi kutilmoqda. Tergovni maxsus tayinlangan prokuror Jek Smit boshqaradi. Trampning o‘zi ayblovni rad etmoqda. U e’lon qilgan bayonotida shunday dedi: “Men begunoh odamman!”

Bu Donald Trampga qo‘yilgan ikkinchi ayblov va federal prokurorlar tomonidan AQShning sobiq prezidentiga qo‘yilgan birinchi ayblovdir.

Avvalroq Tramp 2016-yilda pornoaktrisa Stormi Denielsga u bilan jinsiy aloqada bo‘lgani haqida sukut saqlashi uchun pul to‘laganlikda ayblangandi. Prokuraturaning fikricha, Tramp saylovoldi tashviqoti mablag‘laridan foydalangan. Bu ish bo‘yicha sud 2024-yil mart oyida boshlanadi.

2022-yil noyabr oyida Tramp bo‘lajak saylovlarda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodini qo‘yishini e’lon qilgan. Agar u biron-bir ayblov bo‘yicha aybdor deb topilsa ham, Tramp o‘z nomzodini ilgari surishda davom etishi mumkin.