Surxondaro viloyati Uzun tumanidagi “Dehqon” mahallasida yashovchi fuqaro xonadonida kiyikning noyob turi va uning bolasi saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlik ishchi guruhi va “Bobotog‘” milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan kiyik va uning bolasi vaqtinchalik Termiz hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Hozirda kiyikning qaysi turga mansub ekani, ushbu hududga qanday kelib qolgani va boshqa tafsilotlar o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida fuqaro xonadonida ikkita tulki bolasi topilgandi. Parvarishga muhtoj ikki oylik jonivorlar Farg‘ona shahridagi hayvonot bog‘iga topshirilgan.