Rimdagi Kvirinal saroyida 8-iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar. Prezidentlar kuni kecha yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan kelishuv va shartnomalarning salmoqli to‘plami imzolangan biznes-forum natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Italiyaning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi.

италия, рим, сержо маттарелла, шавкат мирзиёев

Bundan tashqari, ta’lim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ketma-ket uch yil O‘zbekiston Venetsiyadagi Xalqaro biyennaleda ishtirok etib kelmoqda.

Yil boshidan mamlakatimizga kelayotgan italiyalik sayyohlar soni 5 karra ko‘paydi. Joriy yil aprel oyidan boshlab Toshkent va Milan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani turistlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Serjo Mattarellani mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga rasmiy tashrifi davom etmoqda. 9-iyun kuni O‘zbekiston prezidentining Milanga safari rejalashtirilgan.