O‘zbekiston Adliya vazirligi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat loyihasi muhokamalari 22-iyunga qadar davom etadi.

Loyiha tushuntirish xatida qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan yo‘l belgilarining joylashuvi, o‘rnatilishi, o‘zgartirilishi, olib tashlanishi jarayonlari bilan bog‘liq munosabatlar milliy qonunchilik hamda xorijiy davlatlar tajribasi asosida tahlil qilingan.

O‘rganishlar natijasida yo‘l belgilarni o‘rnatish, o‘zgartirish yoki olib tashlashning huquqiy asoslari va mexanizmlari aniq belgilanmagani aniqlangan. “Shu jumladan, joylarda turlicha huquqni qo‘llash amaliyoti shakllangan bo‘lib, yo‘l belgilarini tegishli asoslarsiz o‘rnatish holatlari mavjud. Misol uchun, 2022-yil davomida tuman va shahar hokimlarining yo‘l belgilarini o‘rnatish to‘g‘risidagi 5 ta qarori bekor qilingan”, — deya ma’lum qildi Adliya vazirligi.

Bundan tashqari, yo‘l belgilari yetishmasligi hamda o‘z vaqtida o‘rnatilmasligi oqibatida qator avtohalokatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Masalan, o‘tgan yil davomida 9 902 ta avtohalokat sodir etilgan bo‘lib, ularning 10,3 foizi piyodalar o‘tish joyining tashkil etilmaganligi, 2,2 foiz holatda esa svetofor yoki yo‘l belgisi o‘rnatilmaganligi oqibatida kelib chiqqan.

“Shu bilan birga, mavjud yo‘l belgilarining aksariyati xalqaro standart talablariga javob bermaydi, shuningdek, yo‘llarda 200 mingta yo‘l belgisi yetishmaydi”, — deyiladi xabarda.

Adliya vazirligi, shuningdek, taqiqlovchi yo‘l belgilari yo‘l harakati qatnashchilarini oldindan xabardor qilmasdan o‘rnatilishiни qayd etib o‘tdi.

Bundan tashqari, yo‘l belgilari o‘rnatilishida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini olib borish uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilmagan. Xususan, yo‘l belgilarining reyestrini yuritish va dislokatsiyasini e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Xorijiy davlatlar tajribasiga murojaat qilar ekan, Adliya vazirligi yo‘l belgilarining reyestri shakllantirib borilishi hamda ularning dislokatsiyasi ochiq e’lon qilinishi ta’minlanishini ta’kidlab o‘tdi. Bunda yo‘l belgisi tegishli reyestr va dislokatsiyasiga kiritilmagan bo‘lsa, u noqonuniy o‘rnatilgan hisoblanadi hamda huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida taqiqlovchi yo‘l belgilari faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimining qarori asosida o‘rnatilishi taklif qilinmoqda.

Loyihaga ko‘ra, taqiqlovchi yo‘l belgilari o‘rnatilishidan kamida 20 kun oldin bunday qaror qilish sabablari haqida jamoatchilik mahalliy ijro hokimiyati organining tegishli rasmiy internet sahifalari va ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilinadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘rnatilgan yo‘l belgilarining elektron reyestrini shakllantiradi hamda ularning joylashgan joyi bo‘yicha xaritasi e’lon qilinishini ta’minlaydi.

Yo‘l belgilarining elektron reyestriga kiritilmagan taqiqlovchi yo‘l belgilari huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.Tushuntirish xatida qayd etilishicha, bunday tartib Norvegiya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va boshqa mamlakatlarda amalga tatbiq etilgan.

Shuningdek, loyiha bilan qonunchilikka yo‘llarni loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilishga, ta’mirlash va saqlashda atrof-muhitni muhofaza qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari inobatga olib borilishini ta’minlash normasi kiritilmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ta’nib ma’lum qilinishicha, birgina Toshkentdagi binolar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarining 85 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilmagan.