O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy kamaydi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyun holatiga zaxiralar hajmi 34,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu 1-may kungi ko‘rsatkichdan (35,2 mlrd dollar) 837 million dollarga kam.

Xorijiy valyutadagi zaxiralar oy davomida 10,09 mlrd dollargacha ko‘paygan (+$ 158,2 mln). Shunga qaramay, xorijiy valyutadagi zaxiralar qiymati yil boshidagi 11,66 mlrd dollarlik ko‘rsatkichdan kamligicha qolmoqda (-$ 1,55 mlrd).

Zaxiradagi oltin qiymati 980,6 mln dollarga kamayib, 23,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Zaxiradagi oltinning jismoniy hajmi 0,3 mln troy unsiyaga (12,2 mln troy unsiyadan 11,9 mln troy unsiyagacha), ya’ni 9,3 tonnaga kamaygan. Yil boshidan beri zaxiradagi oltin hajmi 12,7 mln troy unsiyadan 11,9 mln troy unsiyagacha pasaygan.

Aprel oyida oltin zaxiralarining qiymati 50 mln dollarga tushib, 24,2 mlrd dollarni tashkil qilgandi va qimmatbaho metallning jismoniy hajmi oy davomida 0,1 million troy unsiyaga (3,1 tonna) kamaygandi. Oltin zaxiralarining kamayishi oltin narxining ko‘tarilishi fonida sodir bo‘lgandi.

Mavjud zaxiralar mamlakatning 2022-yilgi importi qiymati — 30,67 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga ko‘ra, zaxiralar kamida uch oylik import hajmini qoplashi kerak.