O‘zbekistonda odam immunitet tanqisligi virusi (OIV) kasalligi bilan bugungi kunda 48 mingdan ortiq shaxs yashab kelmoqda. Bu haqda AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Respublika OITSga qarshi kurash markazi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yilda qabul qilingan qarorlar natijasida 63 ta tumanlararo OIV diagnostik laboratoriya OITSga qarshi kurash markazlari tasarrufiga o‘tkazilgan. Har bir viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari negizida 5 tadan 40 tagacha OIV bemorlarga xizmat ko‘rsatadigan o‘rinlar tashkil etilgan.

So‘nggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan. Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80%ni tashkil etdi, deyiladi xabarda.

Bemorlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar berib kelinmoqda. Respublikada OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (o‘rtacha 600 nafargacha) bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzuluksiz ta’minoti amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 99,7% bolalar sog‘lom bo‘lishiga erishilmoqda, deya qayd etiladi ma’lumotda.

OIV bilan bog‘liq raqamlar

hiv, оив

OIV bilan kasallanishning ba’zi mamlakatlar bilan solishtirma tahlili

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilda 3289 ta kasallanish qayd etilgan, umumiy raqam 45 ming 296 nafarni tashkil etgan.

hiv, оив

2013-yildan 2022-yilgacha qamrab olingan OIV statistikasi

Raqamlarga ko‘ra, mamlakatda 2020-yilda 2817 kishi, 2021-yilda 3289 kishi, 2022-yilda esa 3889 kishi ushbu kasallikka chalingani qayd etilgan.

O‘zbekistonda 2027-yilga borib OIV yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishi, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishi, 95 foizining qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishi rejalashtirilmoqda. Shu vaqtga kelib, OIVning onadan bolaga yuqishiga barham berish ham ko‘zda tutilgan.