Prezidentning 31-maydagi muhim axborot infratuzilmasi (MAI) obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qaroriga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmatiga vakolatli organ sifatida qator vazifalar yuklatildi.

Hujjatga ko‘ra, DXX muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlikning ta’minlanganlik darajasini kuzatib boradi, ularni baholash va monitoring qilish tartibini ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bilan birgalikda kiberxavfsizlikni qonunchilikda belgilangan tartibda ta’minlash hamda rivojlantirish holati ustidan nazorat va monitoring olib borish vazifasi ham topshirildi.

DXX tomonidan o‘ta muhim va toifalangan obyektlardagi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlarini o‘tkazishda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bu haqda xabardor qilinadi hamda ularning natijalari to‘g‘risida 48 soat ichida yozma axborot kiritiladi.

MAI obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarning lavozimga tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi yuzasidan vakolatli davlat organi o‘z vaqtida xabardor etiladi hamda ushbu xodimlarni har 3 yilda bir marta vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.

DXX, shuningdek, 2023-yil 1-oktabrga qadar muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining vaqtinchalik yagona davlat reyestrini shakllantiradi va vaqtinchalik nizomni tasdiqlaydi.

2024-yil 1-dekabrga qadar xorijiy davlatlar ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining doimiy yagona davlat reyestrini shakllantirish hamda obyektlarni toifalashning doimiy tartibini belgilash yuzasidan takliflarni prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga kiritishi topshirildi.

DXX vakolatli organ sifatida

  • MAI obyektlarida kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish, tezkor chora ko‘rish va oqibatlarini bartaraf etish hamda kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;
  • MAI obyektlarining yagona davlat reyestrini shakllantiradi va yuritadi;
  • davlat sirlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni qayta ishlaydigan MAI obyektlarida kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

2022-yilning aprel oyida prezident “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, davlat organlarining axborot resurslari va tizimlari majburiy tartibda kiberxavfsizlik ekspertizasidan o‘tkaziladi. DXX kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli organ etib hisoblanadi.