May oyidan beri Qirg‘iziston poytaxtida ichimlik suvi ta’minotida muammolar yuzaga kelmoqda. Bishkekning bir qator tumanlarida vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. “Gazeta.uz” bugungi vaziyat haqida nimalar ma’lumligini o‘rgandi.

“Majburiy chora”

Issiq mavsum boshlanishi bilan Bishkekda ichimlik suvi tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irlashdi. May oyi o‘rtalarida poytaxt meriyasi kunduzi shahar atrofidagi yetti qishloqqa, shuningdek, Bishkek chetidagi Archa-Beshik turar-joy massiviga suv berishni chekladi. Iyun oyi boshida cheklovlar “vaziyat yaxshilanmaguncha” uzaytirildi. Shahar hukumati buni “xususiy sektorda yashil maydonlarni ichimlik suvi bilan sug‘orish holatlari va irrigatsiya tizimining yo‘qligi” bilan izohladi.

Bir vaqtning o‘zida meriya vakillari kommunal xizmatlar bilan birgalikda suvdan noratsional foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida reydlar o‘tkazishga kirishdi. Tekshiruv natijasida mutasaddi idoralar tomonidan ko‘p miqdorda suv iste’mol qiladigan xususiy hammomlar, avtomobil yuvish shoxobchalari va basseynlar vaqtincha yopildi. Keyinroq alohida sog‘lomlashtirish majmualari hamda gilam va momiq mahsulotlarini yuvish punktlari ham yopildi.

6-iyundan boshlab munitsipalitet Bishkekning janubiy mikrorayonlariga tungi vaqtlarda suv berishni to‘xtatdi. “Bishkekvodokanal” bu qaror shahardagi “ichimlik suvi ta’minotidagi murakkab vaziyat” bilan izohladi.

“Bu majburiy chora, chunki poytaxtni barqaror suv bilan ta’minlash uchun suv havzalarini to‘ldirish zarur”, — deyiladi korxona xabarida.

7-iyun kuni mahalliy OAV “Archa-Beshik” aholisi suv yo‘qligidan norozilik bildirib, magistral yo‘lga chiqqani haqida xabar berdi. Taxminan 35 kishi yo‘lning bir qatorini to‘sib qo‘ygan. Ertasi kuni Bishkek meriyasi massiv aholisi suv bilan ta’minlanganini bildirdi.

Rasmiylar nima deydi?

Bishkek meriyasi ichimlik suvi tanqisligini poytaxtda aholi sonining ko‘payishi, ko‘kalamzorlashtirish va tomorqalarni sug‘orishda suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik, shuningdek, suv omborlarini oziqlantiradigan daryolarda suv sathining pastligi bilan izohladi.

“Bu, birinchi navbatda, suv iste’molining ortishi bilan bog‘liq, chunki har yili yozda suv bilan bog‘liq muammo yuzaga keladi. Ayrim xususiy uylar ichimlik suvidan tomorqa va yashil maydonlarini sug‘orish uchun foydalanishni boshlaydi. Bu normadan oshib ketishiga olib keladi. Bir kishi uchun me’yor 170 litr bo‘lishiga qaramasdan, hozirgi holatda [bu ko‘rsatkich]500 litr atrofida ekanini kuzatmoqdamiz. Shuningdek, aholi, abonentlar soni ortib borayotganini ham ko‘ryapmiz. Bularning barchasi suv ta’minoti tizimiga ta’sir qiladi”, — dedi Bishkek merining uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Jirgalbek Shamiraliyev.

Shamiraliyevning so‘zlariga ko‘ra, Bishkekliklarning atigi 12 foizida suv hisoblagichlari o‘rnatilgan, suv yo‘qotishlari esa limitdan 70 foizga oshadi. Suv quvurlarining eskirishi 70−80 foizni tashkil qiladi.

Bishkek suv ta’minotining asosiy manbai ichimlik suvining 40 foizdan ortig‘ini yetkazib berayotgan Orto-Alish suv inshooti (vodozabor) hisoblanadi. Muzliklarning sekin erishi, Ala-Archa daryosi va Chon-Alish kanali yuzasida suvning yo‘qligi yetishmasligi tufayli vodozaborni to‘ldiruvchi ko‘llarning suv sathi pasaygan. Hozirda shahar hokimiyati Chon-Alish kanali orqali 600 litrgacha suv o‘tkazib, bu pardoz ko‘llarni to‘ldirishga harakat qilmoqda.

Hokimlik reydlarni davom ettirish niyatida va tez orada ichimlik suvi uchun differensial tarif joriy etish rejasini e’lon qildi.

“Agar bir kishi belgilangan me’yor doirasida — kuniga bir kishi uchun 170 litr suv iste’mol qilsa, tarif o‘zgarmaydi. Agar ko‘proq bo‘lsa, u holda stavka oshishi mumkin. Elektr energiyasi bilan bo‘lgani kabi. Agar abonent 700 kilovattgacha iste’mol qilsa, u holda tarif bitta, agar ko‘p bo‘lsa — boshqasi. Mavjud suv iste’moli darajasi uni maishiy ehtiyojlar uchun ishlatish uchun yetarli. Lekin noratsional foydalanishni ko‘ryapmiz, odamlar uni shunchaki ochib, tomorqasini sug‘ormoqda”, — dedi Shamiraliyev.

Shuningdek, hukumat aholiga ichimlik suvidan oqilona foydalanish iltimosi bilan murojaat qildi.

Ostonada suv yetishmasligi

Qozog‘iston poytaxtida ham ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. 6-iyun kuni kechqurun Ostonadagi bir nechta turar-joy majmualari aholisi suv yo‘qligi sababli ko‘chani to‘sib qo‘ydi. Aholi: “Suv bering!” deya baqirgancha sakkizinchi kundan beri suvsiz yashayotganliklarini ta’kidlashdi.

Poytaxt hokimi Jenis Qasimbek fuqarolarga videomurojaat yo‘llab, bir oy ichida “shahardagi suv taqchilligi bilan bog‘liq barcha masalalar hal etilishiga” va’da berdi.

“Yiliga shahar aholisining o‘sishi 60−70 ming kishini tashkil etadi, bu esa qo‘shimcha suv hajmini talab qiladi. Qolaversa, hozir yuqori harorat tufayli sug‘orish ishlari faol olib borilmoqda”, — deya tushuntirdi u.

Avvalroq Ostonada BI Group uyi muqimlari suv yo‘qligi sababli yo‘lni to‘sib qo‘ygan edi. O‘shanda ham shahar hokimligi suv ta’minotining beqarorligi “shahar aholisining o‘sishi va jadal qurilishlar” bilan bog‘liqligini ta’kidlagan edi.