Jahon banki navbatdagi “Jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari” (yiliga ikki marta — yanvar va iyun oylarida nashr etiladi) hisobotini e’lon qildi. Unda global, mintaqaviy va milliy iqtisodiyotlar rivojlanishining joriy tendensiyalari, xavf-xatarlari va prognozlari yoritilgan.

Hisobot xulosalariga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida (YeMO) 2022-yilda o‘sish keskin pasayib, 1,2 foizni tashkil etgan, bu dunyoning oltita shakllanayotgan bozori va rivojlanayotgan iqtisodiyoti (EMDE) mintaqalari ichida eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Hatto Rossiya va Ukrainani hisobga olmaganda ham 2022-yilda EMO mintaqasida o‘sish 4,8 foizgacha pasaygan.

Sekinlashuv deyarli umumiy holat bo‘lib, mintaqaning aksariyat iqtisodiyotlarida kuzatildi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, biznes hamda iste’molchilar ishonchining pasayishi, inflyatsiyaning o‘sishi, davlat regulyatorlari tomonidan pul-kredit siyosatining sezilarli qattiqlashuvi va energiya ta’minotidagi uzilishlar natijasida yuzaga kelgan tartibsizliklarni aks ettirdi.

Sharqiy Yevropada ishlab chiqarish 20,2 foizga kamaydi, asosan, Ukrainada. Biroq, pasayish mintaqaning qolgan qismida ham kuzatildi. Yevropa Ittifoqining global ishlab chiqarish-ta’minot zanjirlariga kuchliroq integratsiyalashgan Markaziy Yevropa va G‘arbiy Bolqon mamlakatlarida energiya narxlarining oshishi, energiya ta’minotidagi uzilishlar va pul-kredit siyosatining qattiqlashuvi natijasida o‘sish sekinlashdi.

Bundan farqli o‘laroq, Turkiya va Janubiy Kavkaz mamlakatlarida o‘sish Markaziy Osiyoda bo‘lgani kabi savdo oqimining ortishi, shuningdek, Rossiya va Ukrainadan migrantlar va moliya oqimining oshishi hisobiga tezlashdi. Jahon bozorida xom ashyo narxlarining o‘sishi Rossiyadan boshqa xom ashyo eksport qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollikning pasayishini yumshatdi.

YeMO mintaqasida, ayniqsa Turkiyada, inflyatsiya yuqori darajada davom etmoqda. Nominal ish haqining o‘sishi umumiy ma’noda narxlar o‘sishidan orqada qolgan bir vaqtda, Sharqiy Yevropada real ish haqi 2022-yilning birinchi yarmida 3,3 foizga kamaydi. Biroq, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari bu qoidadan istisno hisoblanadi.

Yillik inflyatsiyaning so‘nggi paytlarda bir qator YeMO mamlakatlarida kuzatilgan sekinlashuvi belgilarini yuqori baza ta’siri, shuningdek, o‘tgan yilgi yuqori ko‘rsatkichlarga nisbatan energiya narxining pastligi bilan bog‘lash mumkin. Biroq, bazaviy inflyatsiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Targetdan yuqori inflyatsiya darajasini pasaytirish uchun mintaqadagi 17 ta markaziy bank 2022-yilda asosiy stavkalarni oshirdi, 6 ta markaziy bank esa 2023-yilning o‘tgan oylarida asosiy stavkani qayta ko‘tardi.

жаҳон banki, жаҳон iqtisodiyotining o‘sish istiqbollari, prognoz

Prognoz

Prognozlarga ko‘ra, 2023-yilda YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish surati ozgina tezlashib, 1,4 foizgacha yetadi. Biroq, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va uning oqibatlari tufayli o‘sish istiqbollari juda noaniqligicha qolmoqda. Rossiya va Ukrainani hisobga olmaganda, 2023-yilda YeMO mintaqasida kutilayotgan o‘sish sur’ati 2,4 foizni tashkil qiladi, ya’ni deyarli 2 barobarga kam. Umuman olganda, mintaqa bo‘yicha yanvar oyi prognozining 1,3 foiz punktiga o‘sishi, asosan, Rossiya uchun prognoz o‘sish tomonga qayta ko‘rib chiqilganligi bilan bog‘liq.

Tojikiston va O‘zbekiston 2023-yilda YeMO mintaqasidagi 23 ta iqtisodiyot orasida YAIMning eng yuqori o‘sishini ko‘rsatishi kutilmoqda — mos ravishda 6,5 foiz va 5,1 foiz. Ulardan keyingi o‘rinlarda bu yil 4,4 foizlik o‘sish bilan Armaniston va Gruziya bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Jahon banki yanvar oyidagi hisobotida O‘zbekiston YAIMi joriy yilda 4,9 foizga o‘sishini prognoz qilgan edi.

Yangi hisobotda O‘zbekistonning 2024 va 2025-yillardagi iqtisodiy o‘sishi prognozi mos ravishda 5,4 foiz (prognoz 0,3 foiz punktga yaxshilangan) va 5,8 foizni tashkil etadi.

2024−2025-yillarda mintaqada yillik o‘sish sur’atlari 2,7 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda, bunga esa so‘nggi iqtisodiy shoklarning ta’siri asta-sekin yumshashi fonida kuchli tashqi va ichki talab qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, inflyatsiya va fiskal siyosatning normallashishi ta’sir o‘tkazadi. Rossiyadan migrantlar va kapital oqimining kamayishi va Yevropa Ittifoqida iqtisodiy faollik kuchayishi bilan mintaqa bo‘ylab o‘sish tafovutlari qisqarishi kerak.

COVID-19 pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bergan ikki tomonlama zarba YeMO mintaqasidagi iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, bu esa keyingi uch yil ichida kreditlashning qattiqroq shartlari va ko‘plab mamlakatlarda bosqichma-bosqich konsolidatsiya sababli iqtisodiy o‘sish potensialdan past darajada bo‘lishi kutilmoqda.

Risklar

Mintaqaviy prognoz uchun risklar Ukrainada yanada intensiv yoki davomli mojaro, inflyatsiyaning tezlashishi va davlatlar regulyatorlari tomonidan pul-kredit siyosatining yanada qattiqlashtirilishi va moliya sektoridagi tartibsizlik ehtimoli sabab salbiy tomonga siljigan.

Yevrohududda iqtisodiy faollikning keskin (prognozga nisbatan) sekinlashishi ham Markaziy Yevropa va G‘arbiy Bolqon mamlakatlari uchun tashqi talabning yanada zaiflashishiga olib keladi.

Bundan tashqari, joriy yilda Rossiyadagi mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari hajmi, ayniqsa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarida kutilganidan sekinroq o‘sishi mumkin.

Ukrainadagi mojaroning kuchayishi energiya xavfsizligi sohasida xavfni oshirishi mumkin, chunki YeMO mintaqasidagi davlatlar ta’minot uzilishlari va Rossiyaga qaramlik sharoitiga bog‘liqligicha qolmoqda.

Salbiy tomonga o‘zgarayotgan risklar, shuningdek, YeMO mintaqasining boshqa qismlarida ortib borayotgan geosiyosiy tanglikni va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq noqulay ob-havo hodisalari sodir bo‘lgan taqdirda boshqa hududlarga ko‘chishning kuchayishini o‘z ichiga oladi.