Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ehtimoliy davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilingan 30 dan ortiq shaxsni qo‘lga oldi, deb xabar berdi 24.kg qo‘mita matbuot markaziga tayanib.

6-iyun kungi xabarda aytilishicha, hibsga olinganlar “keyinchalik hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olish” uchun “ommaviy tartibsizliklar harakatlari”ni rejalashtirgan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishini rejalashtirgan guruh tarkibida umumiy hisobda 100 ga yaqin odam bo‘lgan.

“[Muvaffaqiyatsiz to‘ntarishining] tashkilotchisi va g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi jamoatchilik faoli va „Eldik Kenesh“ siyosiy partiyasi raisi N.R.S.dir”, — deyiladi xabarda.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarqatgan hibsga olinganlarning suratlarida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning sobiq tarafdori, “Eldik Kenesh” partiyasi raisi Roza Nurmatovani ko‘rish mumkin.

Nurmatova va boshqa hibsga olinganlar, qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, aybiga iqror bo‘lgan va hozirda vaqtinchalik saqlash hibsxonasida qolmoqda.

Qo‘mita davlat to‘ntarishining sabablari haqida hech narsa ma’lum qilgani yo‘q. Qo‘mita faqatgina “yaqin kelajakda tashkiliy masalalarni moliyalashtirish va asosiy mansabdor shaxslarga maosh to‘lash uchun xorijiy manbalardan pul olish kutilgani”ni ta’kidladi.