Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidenti Serjo Mattarellaning taklifiga binoan 7−9-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, oliy darajadagi uchrashuvlar Rimda bo‘lib o‘tadi. Shavkat Mirziyoyev u yerda Italiya prezidenti hamda bosh vazir Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashiladi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi bosh qarorgohi Italiya poytaxtida joylashgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dun’yuy bilan uchrashuv o‘tkazadi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi Milan shahrida bo‘lib o‘tadi — O‘zbekiston prezidenti Lombardiya provinsiyasi gubernatorini qabul qiladi hamda Italiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Aprel oyida Shavkat Mirziyoyevning yozda Italiyaga tashrif buyurishi kutilayotgani haqida yozgandik. Bu haqda Toshkentga tashrif buyurgan Italiya mudofaa vaziri Krozetto Gvido Italiyaning Vista agentligiga ma’lum qilgandi.

Gvido O‘zbekiston prezidentining Rimga tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning yangi bosqichini boshlashini ta’kidlagan.