Toshkent shahridan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga (Chorvoq erkin turistik zonasiga) grafik asosida qatnovchi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bundan viloyatga keluvchi xorijiy va mahalliy sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsad qilingan.

Avtobuslar “Mashinasozlar metro bekati — Chorvoq” yo‘nalishida har kuni 3 ta grafik asosida harakatlanadi. Qatnov masofasi 75 km bo‘lgan yo‘nalishda yo‘lovchilar belgilangan manzilga 1 soat 10 daqiqada yetib boradi.
Avtobuslar Mashinasozlar metro bekatidan soat 7:00, 13:00 va 18:00 da jo‘naydi. Chorvoqdan esa 6:00, 11:00 va 16:00 harakatlanadi.

Qatnovlar Uzautotrans service korxonasining Yutong avtobuslarida amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda yo‘lkira narxi 15 000 so‘m etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 10-apreldan Qamchiq va Jizzax dovonlari, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus hamda mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etilgandi.