Apple 5-iyun kuni 34-WWDC dasturchilar konferensiyasida o‘zining yangi mahsuloti — Vision Pro virtual reallik shlemini taqdim etdi. Bunday gadjetlar bozorida hozirgacha yetakchi kompaniyalar Meta, Sony va Microsoft hisoblanib, endilikda Apple ular bilan raqobatlashadi.

Vision Pro`ning old qismi shishadan, uning atrofidagi ramka esa alyuminiydan tayyorlangan. Virtual reallik shlemining AQSh uchun narxi 3,5 ming dollar etib belgilangan. Qurilmada rasm va videoga olish uchun tugmacha va virtual muhit o‘lchamini boshqarish uchun g‘ildirakli tugmacha mavjud.

apple, vision pro

2 ta 4K ekran sifatidagi displey

Qurilmaga microLED displeylari o‘rnatilgan bo‘lib, ular jami 23 million pikselni aks ettira oladi. Taqdimotda bu displey ikkita 4K ekrandan (17 million pikselli) ko‘proq pikselni ko‘rsata olishi qayd etilgan. Qurilma Apple kompaniyasining o‘zi ishlab chiqaradigan ikkita chip — avval Macbook`larga o‘rnatilgan M2 va yangi qurilma uchun maxsus yaratilgan R1`da ishlaydi. Chiplardan biri gadjet ishlashi uchun, ikkinchisi esa barcha sensorlar, 12 ta kamera va 6 ta mikrofondan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash uchun kerak.

2 soatlik quvvat

Qurilmaning quvvati 2 soat ishlashga yetadi, uzoq vaqt davomida ishlatish uchun uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rozetkaga ulash mumkin.

Xavfsizlik tizimi

Xavfsizlik masalasi Face ID tizimiga o‘xshash bo‘lgan Optic ID tizimi orqali ta’minlanadi. Bu tizim foydalanuvchi shaxsini uning nigohi orqali aniqlaydi. Kompaniya barcha shaxsiy ma’lumotlar qurilmaning o‘zida saqlanishini va boshqa manbalarga yo‘naltirilmasligini qayd etgan.

Virtual ish stoli

Gadjet taqilganda inson turgan xonasi va undagi barcha elementlar ko‘rinadi, faqat u yerda bundan tashqari smartfonning uy ekranida bo‘lgani kabi asosiy ilovalarning belgilari ham bo‘ladi. Ilova oynalarini huddi real obyektlar kabi surish, ko‘tarish, ularni istagan o‘lchamda kattalashtirish yoki kichraytirish mumkin. Bundan tashqari, oynalar nafaqat foydalanuvchi turgan muhitda, balki umuman boshqa joylarda ham paydo bo‘lishi mumkin.
apple, vision pro

Vositalarsiz boshqaruv

Apple`ning bu mahsuloti boshqalaridan yana bir jihati bilan farq qiladi. Iphone`da amallarni bajarish uchun ekranga teginish, Macbook`da sichqoncha yoki tachpad, Ipod’da qalamcha kerak bo‘lsa, VisionPro`da bunday vositalardan voz kechilgan.

To‘liq 3 o‘lchovli interfeys foydalanuvchining qo‘llari, ko‘zlari va ovozi yordamida boshqariladi. Asosiy boshqaruv ko‘z harakatlari orqali amalga oshiriladi. obyektlarga qaraganda ular turgan o‘rnidan biroz siljiydi va kattalashadi. Klaviatura kerak bo‘lganda, virtual shaklda paydo bo‘ladi. Qurilma Apple`ning boshqa qurilmalari va dasturlari bilan bog‘lana oladi va birgalikda ishlashi mumkin. Uzun matnlarni yozishda qulay bo‘lishi uchun Magic Trackpad, Magic Keyboard`lardan foydalanish mumkin.

Ovoz orqali boshqaruvni ishga tushirish uchun qidiruvlar satriga qarash va kerakli buyruqni berish yoki Siri`dan foydalanish kerak bo‘ladi.

Foydalanuvchi nigohlarini ko‘rsatuvchi oyna

Gadjet taqilgan holatda ham siz yon-atrofingizga kelgan odamlarni ko‘rib turasiz va ular ham sizning nigohingizni ko‘rib turishi mumkin. Foydalanuvchi oldiga boshqa odam kelishi bilan gadjetning oynasida foydalanuvchining nigohi aks etadi. Bu innovatsiya EyeSight deb atalgan. Uning yordamida oldingizga kelgan odam siz unga e’tibor qaratyapsizmi yoki boshqa ish bilan bandmisiz, barchasini ko‘rib turishi mumkin, siz ish bilan band bo‘lgan paytda qurilma oynasida boshqa tasvir paydo bo‘ladi.
apple, vision pro

Ko‘riladigan kontent ham 3D formatida bo‘lishi mumkin. 3D formatidagi faylni ochganingizda, u oldingizda paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, ayni vaqtda sodir bo‘layotgan voqealarni 3D formatda tasvirga olish mumkin bo‘ladi. Buning uchun qurilma ustidagi tugmachani bosish kerak.

apple, vision pro

Apple Vision Pro`ni Macbook`ga bir qarash bilan simsiz ulash mumkin. Bu orqali kompyuter ekrani foydalanuvchi istagan kattalikdagi 4K displeyga aylanadi. Qurilma FaceTime ilovasi bilan ishlash uchun ham moslashtirilgan bo‘lib, bu foydalanuvchiga masofadan turib ishlashda bir qator qulayliklar yaratadi. Bundan tashqari, qurilmada virtual o‘yinlarni o‘ynash, 3D formatidagi kinolarni ko‘rish mumkin.