Xerson viloyatining Rossiya tomonidan qo‘shib olingan qismida joylashgan Kaxovka GESining to‘g‘oni qisman vayron bo‘ldi, deb yozmoqda Meduza. 6-iyun kuni erta tongda ijtimoiy tarmoqlarda GES yuqori to‘g‘onining vayron bo‘lgan qismidan suv oqayotgani aks etgan video tarqaldi. Keyinroq Ukraina Qurolli kuchlarining “Janubiy” operativ qo‘mondonligi Rossiya qo‘shinlari gidroelektrostansiyani “portlatib yuborganini” ma’lum qildi.

Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin ham Rossiya tomoni GESni portlatganini ma’lum qildi. Rossiya tomonidan tayinlangan Nova Kaxovka “meri” Vladimir Leontev esa avvaliga portlash haqidagi ma’lumotni rad etdi, biroq keyinroq Ukraina tomonidan tungi o‘qqa tutish oqibatida stansiyaning yuqori qismi vayron qilingani, ammo to‘g‘onning o‘zi saqlanib qolganini bildirdi. TASS xabariga ko‘ra, Kaxovka GESida 28 ta oraliqdan 11 tasi vayron bo‘lgan.

Suv Kaxovka suv omboridan Dneprning quyi oqimiga nazoratsiz ravishda quyiladi, dedi Nova Kaxovka “meri” Leontev. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaxovka GESi to‘g‘oni vayron bo‘lgach, quyi oqimdagi suv sathi 2,5 metrga ko‘tarilgan. Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudinning ta’kidlashicha, suv 5 soat ichida kritik darajaga yetadi. Xerson viloyati “hukumati” Dneprning qirg‘oqbo‘yi hududlarida vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. “Yagona tahdid shundaki, biz hozirda Qrimga suv yetkazib berishda muammolarga duch kelamiz”, — dedi Leontev.

O‘nlab aholi punktlari suv bosish xavfi ostida qoldi. Gap 80 ta aholi punktini suv bosishi mumkinligi haqida ketmoqda, deya xabar berdi TASS”ga Rossiya favqulodda xizmatlari. Ukrainada Xerson viloyatining suv toshqini kuzatilayotgan xavfli hududlaridan aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlab yuborilgan. Milliy politsiya bo‘linmalari va Xerson viloyati favqulodda vaziyatlar davlat xizmati bo‘linmalari Dnepr daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi suv toshqini ehtimoli bo‘lgan hududlardan tinch aholini ogohlantirish va evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma olgan.

Ukrainada bu hodisa ekotsid (atmosfera yoki dengizlarni yoppasiga ifloslantirish) deb ataldi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Kaxovka GESining “buzilishi” “global oziq-ovqat xavfsizligiga zarba” ekanini ta’kidladi. “Chunki bu ofat Ukraina janubidagi sug‘orish tizimiga ta’sir qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.