O‘zgidromet xizmati agentligi ish haftasi davomida — 5−9-iyun kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublikaning barcha hududlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Haroratning asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi.

Ish haftasining oxiriga kelib, kunduzi havo +37…+40 darajagacha, 5−6-iyunda respublikaning shimolida, 6−8-iyunda janubda va cho‘l hududlarda +41…+42 darajagacha isiydi.

“Bunday harorat iyun oyining birinchi o‘n kunligi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 4−6 darajaga yuqoridir. Ammo ushbu davrda bundan ham yuqori harorat qiymatlari kuzatilgan. 2021-yil iyun oyining birinchi o‘n kunligida markaziy hududlar bo‘yicha havo harorati +41…+43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa +44…+46 darajagacha ko‘tarilgan”, — deyiladi xabarda.

Respublikaning tog‘li hududlarida ushbu haftada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Farg‘ona vodiysi bilan chegaradosh ayrim tog‘li hududlarda bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 7−8-iyunda ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 5−9-iyun kunlari havo kam bulutli bo‘ladi, sharqiy yo‘nalishdagi shamol birozdan o‘rtachagacha esadi. Harorat hafta boshida +35…+37 daraja bo‘ladi, hafta oxiriga kelib +38…+40 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.