Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 36 yoshli fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etdi, xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

4-iyun kuni tuman hududida bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergovga jalb etilgan, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 36 yoshli U.S. so‘roq qilingan. Jarayon uning himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida tuman IIB tergov xonasida videoyozuvga to‘liq yozib olingan holda amalga oshirilgan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19:00 da Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va tuman IIBdagi fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasiga joylashtirilgan.

Shu kuni soat 23:30 atrofida gumonlanuvchi U.S.ning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, u kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yaxyojon Abdulxakov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat o‘rganilgan. Voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi U.S. Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘lim yuz bergan.

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasi tashxisiga ko‘ra U.S.ning tanasida jarohatlar borligi aniqlangan. Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim J.D. va G‘.Sh. hibsga olingan va ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.

“Xolis tergov va tekshiruvni ta’minlash maqsadida” ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek, navbatchilik qismi mas’uli Sh. Ibragimov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

“Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga to‘liq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

“Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo‘lsalar-da, marhum U.S. tanasida jarohatlar borligini hisobga olib, prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertiza tayinlangan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur ekspertiza ma’lum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to‘plangan dalillar bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.

“Shu o‘rinda alohida ta’kidlaymizki, Ichki ishlar vazirligi insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi ta’minlanishiga so‘zsiz javobgardir. Shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llanishi, zo‘ravonlik yoki boshqa tarzda g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lishi vazirlik tomonidan qattiq qoralanadi va bunga yo‘l qo‘ygan barcha xodimlar qonun oldida qat’iy javob beradi”, — deyiladi bayonotda.