Samarqand viloyati Jomboy tumanida 37 yoshli M.R. (ayol) ekin maydoniga qoramol tushgani uchun turmush o‘rtog‘ining akasi A.R. tomonidan kaltaklandi, deya xabar bermoqda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 30-may kuni fermer xo‘jaligi ishchisi bo‘lgan qaynog‘a ekin maydoniga qoramol tushgani uchun keliniga tan jarohati yetkazgan. Ayol yuz va qo‘l-oyoq sohasidagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Raxmanova tuman tibbiyot birlashmasiga borib, ayolning holidan xabar olgani, ayni vaqtda uning ahvoli nisbatan qoniqarli ekani ma’lum qilindi.

“Hozirda bemorning salomatligi, huquqiy himoyasi doimiy nazoratda. Albatta, M.R.ga yetkazilgan tan jarohatida zo‘ravonlik alomatlari borligi inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Xotin-qizlarga nisbatan bo‘ladigan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish, ularni himoya qilish, baxtli turmush kechirishi uchun barchamiz mas’ulmiz”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.