O‘zbekistonda milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxati tuziladi. Bu vazifa prezident Shavkat Mirziyoyevning 31-maydagi qarori bilan qayta nomlangan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga yuklandi.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida shunday dedi: “Bizda moddiy va nomoddiy madaniy meros borligini bilamiz. Ko‘pgina obyektlarimiz YUNESKOning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Xuddi shunday ro‘yxat tabiiy meros uchun ham mavjud. Bizning bir nechta obyektlarimiz allaqachon ushbu ro‘yxatga kiritilgan, ammo, afsuski, bizda milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxati yo‘q”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik Xitoy tajribasini o‘rganib chiqqan, u yerda ko‘p asrlik va ming yillik daraxtlar, chiroyli toshlar, sharsharalar va boshqa obyektlar milliy ro‘yxatga kiritilgan.

“Ularga hatto mavsumiy tabiat hodisalari, masalan, daryolarning toshishi, qushlarning kelishi, landshaftlar ham kiradi. Biz uchun bu flamingolarning kelishi bo‘lishi mumkin”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Vazirlik 2024-yilning 1-yanvariga qadar respublikaning milliy ahamiyatga ega tabiat obyektlarini, shu jumladan, noyob va takrorlanmas ekotizimlar, bioxilma-xillik turlari va tabiiy landshaftlarni xatlovdan o‘tkazadi.

“Bu bizga ushbu obyektlarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish imkonini beradi. Hozir tez-tez u-bu joyda noqonuniy qurilish boshlanganini, daryoning oqimi to‘sib qo‘yilgani yoki o‘zgartirilganini ko‘ryapmiz. Bularning barchasi biologik xilma-xillikka va tabiatga ta’sir qiladi. Ro‘yxat esa qurish, buzish va hokazolar mumkin bo‘lmagan hududlarni aniqlash imkonini beradi”, — dedi ekologiya vaziri.

Vazirlik, shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan boshlab Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), YUNESKO va FAO bilan birgalikda xalqaro reprezentativ ro‘yxatlarga O‘zbekiston tabiiy meros obyektlari nominatsiyalarini kiritishni boshlaydi.