29-may kuni Chilonzor tumani IIB binosida 21 yoshli yigit tergovdan qochish maqsadida 4-qavatdagi hojatxonadan sakrab, shifoxonada vafot etgani, marhumning yaqinlari esa uning o‘limi sababiga shubha bildirayotgani xabar qilingandi. Bosh prokuratura mazkur ish yuzasidan foto va video dalillarni e’lon qildi.

22-may kuni yigit cho‘ntagida gashish giyohvandlik vositasini saqlab kelgani aniqlanib, Chilonzor tumani IIO giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘limiga olib kelingan. Binoning 4-qavatiga surishtiruv harakatlarini o‘tkazish uchun olib chiqilgan X.T. javobgarlikdan qochish maqsadida shu qavatda joylashgan hojatxonaga kirgan.

“Tezkor xodimning chalg‘ishi natijasida hojatxona derazasidan pastda joylashgan oshxonaning shifer bilan qoplangan tom qismiga sakragan. Shiferning cheti sinishi oqibatida X.T. bosh qismi bilan yerning beton qoplamasiga qulab tushgan”, — deyiladi xabarda.

21 yoshli yigit, bosh prokuratura, чилонзор ииб

Hojatxonadagi derazaning ko‘rinishi

Jarohatlangan fuqaro ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan shifoxonaga olib borilgan. X.T.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, u olgan tan jarohatlari oqibatida, 29-may kuni shifoxonada vafot etgan.

Marhumning yaqinlari IIB izohiga shubha bildirgandi. Xususan, Kun.uz saytiga murojaat qilganlardan birining aytishicha, yigitning oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lmagan va u bir necha yil davomida uydan uzoqda — Toshkentda yashab, yaqinlari bilan deyarli aloqa qilmagan. Shu sababli qo‘lga olinganidan keyin oldiga keladiganlar ham topilmagan. Chilonzor tumani IIB tergovchisi 29-may kuni yigitning yaqinlariga telefon qilib, uning vafot etganini aytgan.

21 yoshli yigit, bosh prokuratura, чилонзор ииб

Hodisa sodir bo‘lgan joyning ko‘rinishi

“Shifoxonada men bilan gaplashgan ayolning aytishicha, tanasining birorta ham qismi — na oyog‘i va na qovurg‘asi singan, balki faqatgina yuzi va bosh qismida jarohat izlari bo‘lgan. Nahotki 4-qavatdan tushib ketgan insonning hattoki qo‘li ham sinmasa. Bundan tashqari, IIB xodimlari uning oyog‘i singanini aytgandi. Uning gavdasi ham kattagina edi, u qanday qilib hojatxona oynasidan sig‘ib ketishi mumkinligiga ham hayronman. Boz ustiga, hojatxona ichki ishlar binosida bo‘lsa. Shifokorlardan qandaydir shubhangiz bormi, desam, fikrimni faqat sudda aytaman, deyishdi”, — deydi marhumning yaqini.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, Chilonzor tumani prokurori boshchiligidagi guruh tomonidan shu kunning o‘zida hodisa sodir bo‘lgan bino va atrof-muhit joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirilgan, tegishli guvohlar va ishga aloqador barcha xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.

Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

“Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hodisa bo‘yicha turli asoslanmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Mazkur hodisa alohida nazoratga olingan bo‘lib, mish — mishlardan kelib chiqqan asossiz ma’lumotlarga ishonmasliklaringizni hamda rasmiy manbalar orqali berilayotgan ma’lumotlarga tayanishlaringizni so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.