Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov.

So‘nggi vaqtlarda o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Yaxshi roman yoki she’riy to‘plamni sevib o‘qiyman. So‘nggi vaqtlarda ko‘proq publitsistik kitoblarni qiziqib o‘qiyapman. Ular shaxsiy rivojlanish va fikni o‘tkirlashtirishga xizmat qiladi. Ko‘pincha bunday kitoblarni internet orqali yoki tanishlardan eshitib, keyinchalik buyurtma qilaman. To‘g‘ri, hammasini ham o‘zbek tilida topish qiyin, shuning uchun ba’zan rus va (yaqindan boshlab) ingliz tilida mutolaa qilaman.

Quyida o‘zim o‘qigan asarlardan ayrimlarini tavsiya qilaman.

Hans Rosling. “Factfulness”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 340 sahifa

акбар тошқулов, kitob, kitobлар, kitobxonлик, nima o‘qiymiz, tavsiya

Kitob o‘quvchiga dunyoni, undagi xodisalarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Mualif o‘zi o‘tkazgan izlanishlar asosida odamlar global tendensiyalar haqida ko‘pincha noto‘g‘ri tassavurda ekanini aniq dalillar bilan isbotlab bergan. Masalan, dunyoda qancha aholi qashshoqlikda yashaydi, aholi o‘sish sur’atlari, necha foiz qizlar to‘liq ta’lim oladi kabi so‘rovlarga olimlar, o‘qituvchilar, biznesmenlar, jurnalistlar va hatto Nobel mukofoti laureatlari tizimli ravishda noto‘g‘ri javob berib kelgan. Javoblar shu qadar noto‘g‘riki, ulardan ko‘ra shimpanzelarning tasodifiy tanlagan javoblari to‘g‘riroq chiqqan.

Dunyoni ikki qutbga bo‘lish tendensiyasi, tarqatilayotgan axborot xuruji ongimizda noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘lishiga sababchi ekani ochib berilgan. Muallif dunyo biz o‘ylagandan ko‘ra yaxshiroq rivojlanib borayotganini ko‘rsatib, kelajakka umid bag‘ishlaydi. “Factfulness” — bu dunyoga qarashingizni o‘zgartiradigan va kelajakdagi inqirozlar hamda imkoniyatlarga hozirjavoblikni o‘rgatadigan muhim kitob (sotib olish).

Iogann Gyote. “Faust”. “Yangi asr avlodi” nashriyoti. 2015-yil. 536 sahifa

акбар тошқулов, kitob, kitobлар, kitobxonлик, nima o‘qiymiz, tavsiya

Chuqur falsafiy ma’noga ega tragediya. Asar qahramoni jonini qutqarish uchun yovuz ruh bilan sulh tuzadi. Asarning birinchi qismida qahramon yaxshi inson obrazida ezgu ishlarni amalga oshiradi va dunyo yaxshiliklaridan bahramand bo‘ladi. Ikkinchi qismda butunlay teskari hayot aks ettiriladi, unda insonning naqadar tubanlik va yovuzliklarga qodirligi bayon qilinadi. Buyuk nemis shoiri va faylasufi Gyotening mazkur dohiyona asari o‘zbekning buyuk shoiri Erkin Vohidov tomonidan mohirona tarjima qilingan. O‘ylaymanki, she’riy kitoblarni sevib o‘qiydiganlar undan ajoyib ruhiy ozuqa oladi.

Daron Acemoglu, James A. Robinson. “The Narrow Corridor: States, Societies, and the Fate of Liberty”. Penguin Press nashriyoti. 2019-yil. 576 sahifa

акбар тошқулов, kitob, kitobлар, kitobxonлик, nima o‘qiymiz, tavsiya

Ushbu mualliflarning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” nomli bestelleri o‘zbek kitobxonlariga tanish. Menimcha, “Tor yo‘lak” (“The Narrow Corridor”) ham avvalgisidan qolishmaydigan asar. Unda siyosiy tuzumlar qanday ishlaydi, davlat va jamiyat munosabatlari qanday bo‘lishi lozim, ular o‘rtasidagi muvozanat nima uchun muhim kabi savollarga konkret davlatlar misolida javob beriladi.

Asar konsepsiyasida rivojlanish uchun davlat va jamiyat bir-biri bilan doim o‘zaro raqobatda bo‘lishi lozimligini, hech qachon bir tomonda mutlaq ustunlik bo‘lmasligi kerakligi, ya’ni ular o‘rtasidagi faqat tor yo‘lak bo‘lishi lozimligi zamon va makon kesimida bayon qilingan. Agar davlat gegemon bo‘lsa — diktatura, jamiyat gegemon bo‘lsa anarxiya yuzaga kelishi mumkinligi aytiladi.

Mualliflar davlatlarni qurish va jamiyatlarni rivojlantirish uchun zarur omillarni sanar ekan, o‘tmishdagi va hozirgi davlatlar misolida o‘zlari ilgari surgan konsepsiyaning to‘g‘ri ekanligini isbotlab bergan.

Yoshlarga tavsiyalar

  • Abdulla Qodiriy. “O‘tgan kunlar” (sotib olish), “Mehrobdan chayon” (sotib olish);
  • Abdurauf Fitrat. “Hind sayyohining qissasi”;
  • Marsel Brion. “Menkim, Sohibqiron — Jahongir Temur”;
  • Den Braun. “Raqamli qal’a” (sotib olish);
  • Uolter Ayzeykson. “Stiv Jobs” (sotib olish);
  • Jorj Oruell. “1984” (sotib olish);
  • Bill Gates. “The Road Ahead”;
  • Teodor Drayzer. “Amerika fojiasi”;
  • Adam Smith. “An Inquiry into the Nature and Causes of the Wealth of Nations”;
  • Ernando de Soto. “Zagadka kapitala”.