Juma kuni kechqurun Hindiston sharqidagi Odisha shtatida bir necha poyezdlar to‘qnashuvi oqibatida kamida 288 kishi halok bo‘ldi, 900 ga yaqin odam turli darajada jarohat oldi, deb xabar bermoqda BBC. Bu Hindistonda 1980-yillardan beri sodir bo‘lgan eng yirik temiryo‘l halokatidir. Rasmiylarning aytishicha, qurbonlar soni ortishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, soatiga 130 km tezlikda harakatlanayotgan “Shalimar-Koromandel” tezyurar poyezdi taxminan soat 19:00 da relsdan chiqib ketgan va bir nechta vagonlar “Yesvantpur-Xaora” poyezdi kelayotgan boshqa yo‘lga o‘tib qolgan. Poyezd bu vagonlar bilan to‘qnashib ketgan, shundan so‘ng, rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, u yerda bo‘lgan yuk poyezdi bilan ham yana bir to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Hodisa joyiga 200 dan ortiq tez yordam mashinasi yetib borgan, 100 dan ortiq shifokor qo‘shimcha navbatchilikka chaqirilgan, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, omon qolgan yo‘lovchilarning ko‘pchiligi ag‘darilib ketgan mashinalarda qolganlarga yordamga kelgan. Qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini aytdi. The Times of India`ning yozishicha, bosh vazir tez orada halokat joyiga tashrif buyuradi.

Hindiston dunyodagi eng yirik temiryo‘l tarmoqlaridan biriga ega. Rasmiylar infratuzilmani yaxshilash uchun yuzlab million dollar sarmoya kiritayotganiga qaramay, u yerda temiryo‘l halokatlari tez-tez sodir bo‘ladi. Eng yirik temiryo‘l halokati 1981-yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda Bixar shtatidagi siklon paytida gavjum yo‘lovchi poyezdi daryoga qulagan va kamida 800 kishi halok bo‘lgan.

O‘zbekiston prezidenti hamdardligi

Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Odisha shtatida ro‘y bergan temiryo‘l halokati oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘lladi.

Davlat rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.