Bolgariyaning Sofiya shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Yevropa komissiyasining 68-yig‘ilishida O‘zbekistonga UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasida mezbon sifatida prezidentlik qilish vakolati berildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Sofiya mezbonlik qilayotgan tadbirda tashkilotning qator vakolatli organlari uchun saylovlar o‘tkazildi. Saylovlar yakuniga ko‘ra O‘zbekiston 3 ta nominatsiyada g‘olib deb topildi.

бутунжаҳон turizm tashkiloti

Jumladan, xalqaro tashkilot tomonidan O‘zbekistonga UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasida mezbon sifatida prezidentlik qilish vakolati berildi.

“Ushbu rasmiy vakolat topshirilar ekan, UNWTO rahbariyati va a’zolari tomonidan bugungi kunda UNWTO Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlarini hamda mamlakatda turizmni rivojlantirishda olib borilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston keyingi 2023−2027-yillar muddatiga UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga qabul qilindi. Bu UNWTO Ijroya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qaror va hujjatlar, ularda a’zo davlatlar ishtiroki haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati O‘zbekistonga ishonib topshirilganini bildiradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2023−2027-yillar davomida UNWTO Afillangan a’zolar qo‘mitasiga saylandi. Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilarga “Samarqand — Yangi O‘zbekiston turizm darvozasi” taqdimoti amalga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 16−20-oktabr kunlari Samarqand shahrida UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tadi.