Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev dam olish kunida xodimlarini topa olmagani uchun tushuntirish xati olgani haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi holatni o‘rganib, boshqarmasi boshlig‘iga jarima qo‘llanganini ma’lum qildi.

Gap shundaki, 21-may, yakshanba kuni Husan To‘xtayev ish yuzasidan Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlariga borgan. Shu vaqtda agentlikning Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlari bo‘lim boshliqlaridan “Yoshlarning mahallabay yo‘l xaritalari” bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holatini bilish maqsadida izlagan va ularning telefon raqamlariga bog‘lana olmagan.

Shundan so‘ng 23-may kuni u boshqarmaning kadrlar bo‘lim boshlig‘iga 2 ta tumandagi rahbarlardan yakshanba kuni telefoni o‘chirilgani yuzasidan tushuntirish xati olish to‘g‘risida topshiriq bergan.

Yoshlar ishlari agentligi

Yoshlar ishlari agentligi

“Mehnat kodeksining 209-moddasida dam olish kunlarida va ishlamaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanishi, agarda kutilmagan qaysi bir ishlarning shoshilinch bajarilishiga bog‘liq bo‘lsa, o‘sha ishni bajarish uchun dam olish kunlari va ishlamaydigan bayram kunlari ishga jalb etish ularning yozma roziligi bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan”, — deyiladi xabarda.

Yuqoridagi holatda Yoshlar ishlar agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi (Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan.

Shu sababli unga nisbatdan BHMning 5 baravari — 1 million 650 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi.

“Daryo”ning yozishicha, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev bu holatga munosabat bildirar ekan, bunda boshqarma boshlig‘i ham, tuman bo‘limi rahbarlari ham xato qilganini aytgan.

“Bu holat jamoatchilikni qiziqtirib, tarmoqlarda keng muhokama qilinganini ko‘rib xursand bo‘ldim. Demak, biz o‘z haq-huquqimizni bilib, uni talab qilishga o‘tyapmiz. Haqiqatan ham dam olish kunlarida ishlash, rahbar talabini bajarish qonunga zid. Boshqarma boshlig‘i qonunni buzgan, tumandagi rahbarlarimiz ham bu holatda huquqini talab qilmay, xato qilgan. Ular ‘yakshanba kuni mening dam olish vaqtim, shu sabab hech qachon tushuntirish xati yozmayman', deb javob berishi kerak edi. Biz har doim, barcha xodimlarimizga tushuntirib kelganmiz. Dam olish kunlari qonunga ko‘ra, dam olish, hech kimni bezovta qilmang deganmiz. Bundan xulosa chiqarganlari chiqaryapti. Xulosa qilishmasa, ogohlantiryapmiz, undayam qonunni buzishda davom etsa, keyin chora ko‘rishga majburmiz”, — degan Alisher Sa’dullayev.