Toshkent shahri Chilonzor metro bekati oldidagi piyodalar o‘tish joyida yigit qizga turmushga chiqishni taklif qilgani aks etgan video muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Videoda yigit piyodalar o‘tish joyidan o‘tib ketayotgan qizga dastlab gul beradi, keyin yonidan uzuk chiqarib turmushga chiqishni taklif qiladi. Bu orada avtomobillar harakatlanishni boshlanaydi va tirbandlik kelib chiqadi.

Toshkent shahar suddari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yigit va uni tasvirga olgan tanishi javobgarlikka tortilgan.

2-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sudda M.T. (2000-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan) va D.P. (2004-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan) ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2023-yil 2-iyundagi qaroriga ko‘ra M.T. va D.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ushbu kodeksning 32-moddasi (ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar) 4-qismi tartibida ularning har biriga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ushbu qarordan norozi taraflar 20 kun ichida Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma’lum qilingan.