Farg‘ona viloyatida 14 gektar yer maydonini noqonuniy ravishda 140 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

26 yoshli fuqaro viloyat IIB boshlig‘i nomiga yozgan arizasidan so‘ng jinoyat qidiruv boshqarmasi, korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

1985-yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Quvasoy shahri Quchqorchi qishlog‘ida joylashgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga uzoq muddatga ijaraga berilgan yerni hech qanday hujjatlarsiz sotishga uringani aniqlangan.

Gumonlanuvchi oldindan bo‘nak sifatida talab qilingan 15 ming dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.