Ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritiladi. Bu prezidentning 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qayta nomlangan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga 1-sentabrga qadar Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash topshirildi.

Xuddi shu sanaga qadar davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga qo‘yiladigan moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori 5 baravarga oshiriladi.

Shu bilan birga, noqonuniy kesilgan daraxt o‘rniga uning kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlarini aynan daraxt kesilgan joyga ekish majburiyati belgilandi. Bundan tashqari, yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llanadi.

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarning noqonuniy ovlanishi oqibatida hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga hamda o‘simliklarning o‘sishdan to‘xtash darajasigacha shikastlantirish yoki yo‘q qilish bilan ularga yetkazilgan zararning undirilishi summalari 5 baravarga oshiriladi.

Sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish, shuningdek, qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash hamda suyuq maishiy chiqindilarni to‘kkanlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori 10 barobarga oshirgan holda qo‘llanadi.

Shu bilan birga, yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 dan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar joriy etiladi.

Suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, suv to‘plagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish, shuningdek, suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yilishi shartlari to‘g‘risidagi talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori 5 baravarga oshiriladi.

O‘rmon fondi yerlarini noqonuniy berish va ulardan foydalanish bo‘yicha alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilaydi.

Bundan tashqari, fond yerlarida bino-inshootlar va inshootlarni qurish bo‘yicha alohida jinoyat tarkibini kiritadi hamda uning sanksiyalarini sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun belgilangan sanksiyalarga tenglashtiradi.

Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun ma’muriy jarima miqdori 10 barobarga oshiriladi. Ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar hayvonlarni boqish huquqidan mahrum qilinadi.

O‘zbekiston hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirgani hamda chiqindilar joylashtirilgani uchun kompensatsiya to‘lovlari belgilanadi va qo‘llash tartibini qonun darajasida tartibga solinadi hamda berilgan imtiyozlar bekor qilinadi.

Barcha o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish kvotalarini o‘rnatish masalasi qonun darajasida tartibga solinadi.