O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vohid Sobirovich Hamidovni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori etib tayinladi. Bu haqda Prezident administratsiyasiga yaqin “Nigoh” Telegram kanali xabar bermoqda. O‘zA milliy axborot agentligi tayinlovni tasdiqladi.

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi Prezidentning 20-apreldagi qarori bilan tashkil etilgan.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Vohid Hamidov 1-iyun holatiga ko‘ra audiokitoblar va ertaklarni ikki tilda (o‘zbek va rus) ovozlashtirish, yosh bolalar uchun bosma materiallar va stol o‘yinlarini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi Novda Edutainment kompaniyasi rahbari etib ko‘rsatilgan. Kompaniya Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) sobiq rahbari, hozirda Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonovning “Allamjonov aybdor” kitobining nashriyotchisi bo‘lgan.

2019-yil avgust oyida Vohid Hamidov AOKAning Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari bo‘limi rahbari lavozimida ishlagan, o‘sha paytda tashkilotga Komil Allamjonov rahbarlik qilgan.

Hozirgi Novda Edutainment bilan bir manzilda joylashgan va tugatilgan Avtotest Mirobod`ning sobiq rahbari sifatida ham Vohid Hamidov qayd etilgan.

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga ta’lim sohasida keng vakolatlar berilgan. Xususan, u:

  • ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi;
  • maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini, shuningdek, o‘quv kurslarini moddiy-texnik jihozlash talablarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • vakolatli davlat organlari bilan birgalikda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, malaka oshirish kurslari faoliyatini nazorat qilish va baholash mezonlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • ta’lim standartlari, o‘quv rejalari, dasturlari, darsliklar va o‘quv-uslubiy majmualar samaradorligini davriy tahlil qiladi;
  • tahlil natijalari bo‘yicha, shuningdek, vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar asosida ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirish choralarini ko‘radi.

Respublika markazi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, vakolatli davlat organlari markaz bilan kelishilgan holda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini litsenziyalash, attestatsiyadan o‘tkazish va davlat akkreditatsiyasini, shuningdek, malaka oshirish kurslarini o‘tkazadi.

Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik prezident maslahatchisining fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Bu lavozimni Odil Abdurahmonov egallab turibdi.