Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov 27 iyun kuni o‘zining «Allamjonov aybdor» nomli kitobi nashr qilinganini e’lon qildi. Bloger, ijtimoiy faol Mirzayor Erkinov «Gazeta.uz» uchun maqolasida ushbu kitobda berilgan asosiy fikrlar va qiziqarli voqealar tafsiloti haqida yozadi.

Navoiy ko‘chasi bo‘ylab quloqchinda mahalliy «Flyin Up» rok guruhining «Dunyolar» qo‘shig‘ini tinglab borarkanman, Komil Allamjonovning «Allamjonov aybdor» kitobi so‘nggi betlarini varaqlayman. Qo‘shiqdan bir parcha beixtiyor e’tiborimni tortadi:

«Dunyo qulaydi, Ongimiz ochilsa…»

Qadamlarim meni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosi yaqiniga, aniqrog‘i uning mahobatli ustunlari yaqiniga eltadi. Quloqchinni olib, bir kitobga, bir bu binoga nazar solaman. Yaqin-yaqingacha matbuot anjumanlari, turli shov-shuvlar, muhim o‘zgarishlar markazi bo‘lgan imorat devorlari o‘z bag‘rida qanday sirlarni yashirib turibdi?

Ayniqsa, uning sobiq rahbari Komil Allamjonov bu sirlarning bir uchini o‘zining ilk badiiy kitobida ochib qo‘yganligi qiziqishlarga yana qiziqish qo‘shadi. So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti «Allamjonov aybdor» asarini muhokama qilmoqda.

«Allamjonov aybdor» kitobi muallifga ko‘ra «pandemiya davrida, uyda bekor o‘tirganda» yozilgan, 2021 yil 21 mart sanasida to‘liq tahrirdan chiqarilgan.

Komil Allamjonov so‘zboshida o‘z asarini yagona sababdan — «o‘zi istagan insonlarga — o‘n beshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan…» hayot yo‘lini belgilovchi turli savollar bilan o‘ylanayotgan yoshlarga muhim fikrlarini yetkazish uchun yozganini keltiradi.

Media-oshxona insaydlaridan bexabar do‘stlarimiz bilan kitobda keltirilgan e’tiborga molik jihatlar, ma’lumotlarni birma-bir bo‘lishamiz.

«U vazir bo‘ladi. Parpiyevning jiyani»

Asarning ilk bobi Allamjonovning bolalik xotiralari va uning O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga (O‘zMAA) rahbar sifatida tayinlanishi atrofidagi voqealar bilan boshlanadi. Tashkilotga yangi kelgan rahbar (maqomi bo‘yicha vazirga teng) «tadbirlardan birida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov bilan uchrashib qolgani», Ramatovning «bor-yo‘qligi bilinmaydigan, mudroq tashkilot borligini birdaniga eslolmagani»ni yozadi.

Muallif bob oxirigacha O‘zMAA agentligi xodimlari, tashkilot qoshidagi muassasa, nashriyotlar bilan munosabatlar to‘g‘risida hikoya qiladi. Muallif tashkilot faoliyatiga to‘xtalib, «O‘zMAA hech qachon jurnalistlarni himoya qilmagan. U jazolovchi organ edi», deya ta’kidlaydi.

Komil Allamjonov keyingi bobda taniqli davlat amaldorlaridan biri, ko‘p yillar davomida Davlat soliq qo‘mitasi rahbari bo‘lib faoliyat olib borgan, voqealar bayon etilgan yillar — 2005−2006 yillarda FVV vaziri Botir Parpiyevning «jiyani» ekanligi haqidagi «mish-mishlar» qanday paydo bo‘lganligiga to‘xtaladi:

«Oldiniga FVVga ishga oldi, keyin Bojxona qo‘mitasiga, undan keyin Soliq xizmatiga. Bu bolaning nimasiga ishonadi? Qarindoshi ekani aniq! Qarabsizki, bu bola generalning jiyani ekan, shuning uchun uni ko‘tar-ko‘tar qilyapti, degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarga mixday dalil ham topildi, Parpiyev — andijonlik, otasi Marg‘ilondan. Mening bobom ham asli farg‘onalik. Demak, amaki-jiyanmiz! Vodiyda hamma bir-biriga qarindosh, begonasi yo‘q».

Uning yozishicha, Botir Parpiyev Allamjonov o‘zining «jiyani» ekanligini «Uzmetronom.com» nashri e’lon qilgan maqoladan bilib olgan.

«Men ketdim, lekin intizomga o‘rgatgani, bergan saboqlari uchun Botir Rahmatovichdan (Parpiyev — tahr.) haligacha minnatdorman… Bunday olganda, u meni rostdan ham o‘z jiyanidek tarbiyaladi».

Ushbu bobda Allamjonov O‘zbekistonning birinchi prezidenti, Islom Karimovning davlat boshqaruvidagi siyosati bo‘yicha ham o‘z mulohazalarini bildiradi.

«Islom Abdug‘aniyevich „bo‘lib tashla va hukmronlik qil“ degan siyosatni olib borar, vazir o‘rinbosarlari rahbariga nisbatan doim kishi bilmas oppozitsiyada bo‘lardi. Karimov shu yo‘l bilan o‘ziga kerakli ma’lumotni yig‘gan bo‘lishi mumkin…».

3-bobda Allamjonov yana bolalik xotiralariga — 90 yillarga qaytadi va «musaffo osmon» g‘oyasining davlat mafkurasiga aylantirilganligini eslaydi:

«„Musaffo osmon“ g‘oyasi davlat mafkurasiga aylandi. Urushsiz, tinch yashasak bo‘ldi, olam guliston. Ammo bu g‘oya juda bo‘sh edi. Unda super boylarning paydo bo‘lishi ko‘zda tutilmagandi. Davlat rahbariyati boyvachchalar jamiyat osoyishtaligini buzishidan qo‘rqardi. Mayli, foyda ko‘rsang ko‘r, faqat ikki quloch tijorat do‘konidan nariga o‘tma! Mashina ol, uy sol, topgan tillangni uch litrli bankada saqla, lekin oligarx bo‘laman, deb xayolingga ham keltirma».

«Soliq-info» va BEM

Komil Allamjonov bir necha boblarda «Soliq-info» va shu yillardagi majburiy obuna siyosati, o‘zining ashaddiy tanqidchisi Sergey Yejkovning (Uzmetronom.com nashri bosh muharriri — tahr.) «faktlari ancha bo‘sh» maqolalariga to‘xtalib o‘tadi. U o‘sha davrlarda (2008 yillar) gazetalarni hech kim sotib olmagani, nashrlar yopilib ketmasligi uchun davlat o‘zi bosh-qosh bo‘lib, deyarli barcha gazetalarga obunani tashkil qilib berganini yozadi.


««Soliq-info»ning ixtiyoriy xaridorlari ham ko‘p edi. Gazeta buxgalterlarga ma’qul keldi, ularning doimiy ish quroliga aylandi. Ular, ya’ni «Soliq-info»ga o‘z xohishi bilan obuna bo‘lganlar haqida hech kim bilmaydi. Lekin DSIning (Davlat soliq inspeksiyasi — tahr.) «obuna bo‘lish shart» degan qo‘ng‘iroqlaridan norozilar hamma yoqqa shov-shuv ko‘tardi».

Allamjonov yana bir loyihasi BEM avval Odil Turdiqulov va uning hamkorlari, direktori Nodira Vohidovalarning mehnati evaziga dunyoga kelganini, boshida ular buxgalterlik hisob-kitobiga oid dastur loyihasini Savdo-sanoat palatasi (SSP) bilan hamkorlikda, Alisher Shayxov (o‘sha vaqtda SSP rahbari — tahr.) rahbarligi ostida ishlay boshlashganini yozadi.

«Yigitlarning aytishicha, SSP ulardan qarz bo‘lib qolgan. Shunda men ularni DSQ bilan ishlashga og‘dirib oldim. Biz dasturni takomillashtirib, BEM deb atadik».

Rejada bo‘lmagan Garvard va Avtotest

Muallif 2013 yilda Garvard universitetida siyosatshunoslik kurslarida o‘qiganini, u «xohlagan odam pulini to‘lab qo‘yib, kirishi mumkin bo‘lgan kurslar» ekanligini, kursdagi vazifalarni bajarishga Toshkentdan yordam olganini yozadi.

«Toshkentda ingliz tili o‘qitadigan o‘quv kurslarini ochib qo‘ygandim. Ikki mamlakatning soatlari o‘rtasidagi tafovut menga juda qo‘l keldi. Uyga berilgan topshiriqni Toshkentga jo‘natardim… Darsda beriladigan savollarga javoblarni ham tayyor yozib jo‘natishar, yaxshilab yodlab olsam bo‘lgani».

«Garvarddagi ta’lim esa har bir talabani mustaqil fikrlovchi daho darajasiga ko‘tarishga qaratilgan. Bolani analitik fikrlashga o‘rgatmasak, faqat birovning topshirig‘ini yaxshi bajarishga yaraydigan o‘rtamiyona xodim bo‘lib voyaga yetadi… Davlat ta’lim tizimida esa ahvol haliyam o‘sha-o‘sha — mazmun emas, shakl muhim: davomat, bir xil tashqi ko‘rinish, namunali xulq, uy vazifalarni vaqtida bajarish…»


Komil Allamjonov «Avtotest» loyihasining ibtidosi haqida shunday hikoya qiladi:

«Biz ko‘pgina test savollardan tuzilgan rang-barang animatsion dastur ishlab chiqdik. Uni «GAI»ga olib borib, tugmachali apparatlarning o‘rniga kompyuterga shuni o‘rnataylik, degan taklif berdim…Xullas, «GAI»dagilar kompyuterlar sotib olib, biz ishlab chiqqan dasturni o‘rnatishdi. Dasturni «Avtotest» deb nomladik… Loyiha Ikromovga (o‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari Adham Ilhomovich Ikromov — tahr.) ma’qul keldi… Ikromov shu masalada majlis o‘tkazdi va Vazirlar Mahkamasi respublikadagi barcha avtomaktablar «Avtotest» dasturi bo‘yicha o‘qitishi kerak, degan qarorga keldi».

Allamjonov ushbu loyiha ortidan «yaxshigina pul topganini» aytadi. «Bundan buyon ham tinchgina, hech qanday boshog‘riqsiz o‘sha disklarimizni sotib yuraversak bo‘lardi. Lekin men bir ishkal chiqarmasdan o‘tira olarmidim?! Xullas, innovatsion avtomaktab ochishni o‘ylab qoldim», — deb yozadi u.

«Shu loyihani deb men yomonotliq bo‘ldim, gap-so‘zlar sha’nimga jiddiy ta’sir qildi… Yaxshilik qilaman desangu, seni hech kim tushunmasa. Xatti-harakatlaringni shunaqa oyog‘ini osmondan qilib ko‘rsatishadiki, yovuzligingga o‘zing ishonib ketasan».

Milliy TV va Forbes

Muallif yana bir loyihalaridan biri «Milliy TV» telekanali ochilishi haqida shunday deydi:

«Men doim „shaxsiy MTRK“ egasi bo‘lishni xohlardim… Ammo Gulnora Karimovaning davrida buning iloji bo‘lmagan, xususiy telekanalni faqat yuqoriga o‘ta yaqin odamlargina ochishi mumkin edi… Gulnora o‘z mavqeyi bilan birga Markaz TV telekanalidan ham ayrildi… Litsenziya olindi. Lekin kadrlar yig‘ishga juda qiynaldik. Markaz TVdan keyin hech kim xususiy telekanalda ishlashni xohlamas edi».

Komil Allamjonov bir necha yil taqiqda bo‘lgan san’atkorlar ham «Milliy TV» telekanalida chiqishganini eslaydi.

«Ancha vaqt taqiqda bo‘lgan Yulduz Usmonova Milliy TV tufayli efirga qaytdi. Ko‘p yillik taqiqlardan so‘ng Obid Asomov ekranga chiqarildi. Juda uzoq yillardan beri Sherali Jo‘rayev va 15 yil davomida efirda ismi ham tilga olinmagan Ozoda Nursaidova ekranga qaytdilar. Yangi Prezident (Shavkat Mirziyoyev nazarda tutilmoqda — tahr.) bilan taqiqlar davri ham tugadi».

Allamjonov dunyoga mashhur Forbes jurnalida o‘zi haqida maqola qanday chiqarilganligiga lo‘nda javob beradi: «Pul bilan». U dastlab Forbes`ning ruscha nashri bilan yozishmalarni boshlaydi va nashrning veb-talqinidagi intervyu uchun 5 ming dollar atrofida ketishini yozadi. Veb-talqindagi maqola ayrim sabablarga ko‘ra o‘chib ketganidan so‘ng u AQShning o‘ziga borib, «otning kallasidek» pul sarflab, nashrning bosma jurnal shaklida chiqishiga ham muvaffaq bo‘ladi.


«Saida Shavkatovna ham meni „Forbs“ orqali tanigan… „Buni qaranglar, oligarxmish-a…“ — dedi Saida tanishganimizda. Maqolaning tepasida kichkina qilib, „promo“ deb yozib qo‘yilganiga hech kim e’tibor bermaydida».

Mavridida chiziq tortilgan so‘zlar. OAVdagi o‘zgarishlar va «olovlar ichida yonayotgan bir dona kabob»

Musahhihlar kitobxonni o‘ziga xos intrigada ushlab turish vajidanmi yoxud muallifning jiddiy shaxslar ismlari keltirilgan yoki u tomonidan ochiqlash uchun «hali mavridi kelmagan"idanmi, ba’zi ma’lumotlarni qora chiziq ostiga bekitadi.


Komil Allamjonov bundan ikki yil avval yopilishi muhokamalar markazida bo‘lgan «Turon-24» axborot agentligi faoliyati va uning tugatilishi bilan bog‘liq holatga shunday oydinlik kiritadi:

«2018 yilda «Turon-24» axborot agentligi loyihasiga kirishdim… Undan oldin O‘zA bilan hamkorlik qilishga urinib ko‘rdim, lekin o‘xshamadi. Almisoqdan qolgan beso‘naqay targ‘ibot mashinasini epaqaga keltirgandan ko‘ra yangisini yaratish osonroq ekan. Men «Turon-24»ga jurnalistika yulduzlarini yig‘dim».

«Prezidentning matbuot kotibi bo‘lib ishlayotgan paytim edi. Tan olish kerak, loyihadan asosiy maqsad davlat rahbarining siyosati va islohotlarini ilgari surish bo‘ldi».

«Xullas, «Turon-24″ uch oygina ishladi. Tuhmatga, (shu o‘rinda muallif bir necha so‘zdan iborat fikrlari ustidan qalam tortadi) tayyor emasdim. Shuning uchun loyihani vaqti-soati kelguncha to‘xtatib turadigan bo‘ldik» («Turon-24» agentligining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari uning faoliyati tugatilganidan bir necha oy o‘tib, qisqa tanaffuslar bilan ko‘rinish berib turdi).


Komil Allamjonov, shuningdek, uch oy muddat faoliyat yuritgan «Toʻgʻri.uz» sayti taqdiriga ham to‘xtaladi. U sayt Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqjo‘jayev tashabbusi bilan ochilganligini, hokimdan qanday maqsadda ushbu loyihani boshlaganini so‘raganda, Ortiqxo‘jayev «Men o‘zimni himoyalashim kerak» deb javob berganini ta’kidlaydi.

«Qanday qilib o‘zini himoyalamoqchi bo‘lganini haligacha tushunmayman. Bunday mavqedagi amaldorning qo‘l ostida OAV bo‘lmasligi kerak, odamlar unga ishonmaydi. Shahar bilan bog‘liq har qanday negativ xabarning uchi hokimga borib taqaladi. Agar sayt tanqidga ko‘z yumsa, uni kim o‘qiydi. O‘zini hurmat qilgan jurnalist shaharda shuncha muammo turib, hokimni maqtayvermaydi. Bu loyihaning uzoqqa bormasligi aniq edi».

Komil Allamjonov prezident matbuot kotibi bo‘lib ishlagan davrini eslab, faoliyatida toliqqanini, ishdan ketish uchun ikkita ariza yozgani haqida aytadi.

U prezident matbuot xizmati rahbari bo‘lgan vaqtda, so‘ng AOKA rahbari sifatida tayinlanganida OAV hamda so‘z erkinligi masalalari bo‘yicha o‘zgarishlar amalga oshirilgani haqida bir necha boblarda («AOKA. OAVdagi o‘zgarishlar», «Aybdor — Allamjonov», «Milliy TV», «Matbuot kotibi» boblarida) yozadi.

Allamjonov o‘z kitobida Saida Mirziyoyeva AOKA direktorining o‘rinbosari etib tayinlanganiga ham to‘xtaladi.

«Qandayligini bilmadimu, lekin Prezident cheklov bilan bog‘liq bu o‘yinlarni sezibdilar, shekilli. Chunki bitta qaror bilan fitnalardan himoya qilib qo‘ydilar. AOKA direktorining o‘rinbosari etib qizlari Saidani tayinladilar. O‘shanda bu qaror menga qanot berdi».


Muallif 2019 yil sentyabrda bloger Nafosat Olloshukurova bilan bog‘liq vaziyatni ham nazardan qochirmagan:

«Ha, qonunchiligimizda sovet davridan qolgan, o‘z joniga qasd qilishga moyil odamni majburiy davolatish bilan bog‘liq modda haliyam bor ekan… O‘shanda xorazmlik amaldorlarni „jazolovchi psixiatriya“ usullarini qo‘llaganlikda ayblashdi. Rostdan ham, yaqin o‘tmishimizda hukumatga ma’qul kelmay qolgan odamni bemalol jinnixonaga tiqib qo‘yish mumkin edi, asosan dissidentlarni shunaqa qilishardi».

«Ko‘pchilik hamkasblardan farqli o‘laroq, men uni aqldan ozgan deb hisoblamayman. O‘shandayoq uning niyati „tazyiqqa uchrab“, chet eldan siyosiy boshpana so‘rash bo‘lsa kerak, degan fikr xayolimdan o‘tgandi».

Allamjonov Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘z erkinligini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar faqat imij uchun qilinmayotganligini ta’kidlaydi.

«O‘zbekiston Prezidenti tomonidan So‘z Erkinligining e’lon qilinishi demokratik davlatlarning ko‘zi uchun o‘ylangan quruq rasmiyatchilik emas. Bu ongli ravishda qo‘yilgan muhim strategik qadam bo‘lib, uning yordamida korrupsiyani yenga boshlash mumkin edi… Prezident sutkasiga 25 soat ishlagan taqdirda ham, hamma mansabdorlarni shaxsan nazorat qilishning iloji yo‘qligini juda yaxshi bilgan, deb o‘ylayman».

Komil Allamjonov AOKA loyihasi ikki yilga mo‘ljallanganligini, uning oldida ikkita vazifa bo‘lganligini ta’kidlaydi. Birinchisi — davlat idoralarida matbuot xizmatlari ishini yo‘lga qo‘yish, ikkinchisi — «„telefon huquqini yo‘qotish“, jurnalistlarni islohotga ishontirish, ularning ichki senzorini yo‘qotish».

«Bugungi vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, AOKA tizim sifatida o‘z vazifasini bajarib bo‘ldi, unga ehtiyoj qolmadi, deb hisoblayman. Bizning yangi demokratiyamizda OAVning ustidan nazorat qiladigan organga zarurat yo‘q».

Kitobning so‘nggi boblarida muallif sog‘liqni saqlash (COVID-19 karantini qanday o‘tkazilgani, SSV bilan gidroksixloroxin masalasidagi tortishuvlar, keyinchalik xabarlar sayti va reklama platformasiga aylangan Koronavirus Info kanali haqida), ta’lim tizimi bilan bog‘liq voqealarga to‘xtalib o‘tadi.

Xulosa. Yana bir bor so‘z erkinligi haqida

Ushbu maqolani yozib tugatayotgan vaqtimda O‘zbekistonda Twitter va TikTok kabi ijtimoiy tarmoq platformalari faoliyatida sekinlashuv kuzatildi. Foydalanuvchilar esa baribir VPN ilovalari yordamida o‘z sahifalariga kirishda davom etmoqdalar. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi faollar ham o‘z munosabatini bildirib ulgurdi. Ularning ko‘pchiligi, xususan, jurnalistlarda, bu so‘z erkinligi, fikr bildirish huquqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid ekanligini yashirmayapti.

«Allamjonov — aybdor» kitobining so‘nggi bobi «Jurnalistlarga so‘z erkinligi kerak emas» deya nomlanadi va ta’bir joiz bo‘lsa, davlat va jamiyat o‘rtasidagi umumiy manzara, ko‘prik bo‘luvchi so‘z erkinligi holatini ushbu fikrlari bilan ifodalab berishga harakat qiladi:

«Agar hozir axborot erkinligiga nuqta qo‘yadigan bo‘lsak… islohotlar natijasida hamma erishganlarimiz yo‘qqa chiqadi. Chunki so‘z erkinligi — ana shu islohotlarni ilgari surayotganlar uchun qo‘shimcha, yordamchi ko‘z demakdir».

Komil Allamjonov asar so‘ngso‘zida shunday yozadi:

«Kitobimni supermenlar emas, oddiy yoshlar o‘qishini aytdim. O‘zim ham supermen emasmanku, hammaga o‘xshagan odamman».

«Allamjonov — aybdor» nechog‘liq oson hazm qilinadigan, digital zamon tilida yozilgan bo‘lmasin, unda ilgari surilgan g‘oyalar, qalamga olingan xotiralar o‘quvchi tasavvurida uning super «meni»ni shakllantiradi. Muallif va muharrirlar jamoasi har bob so‘ngida yangi zamon o‘zbek siyosatchisi va tadbirkori tomonidan amalga oshirilgan loyihalarning foydasi, ijobiy jihatlariga to‘xtaladiyu, tosh bosuvchi, muhim hujjatli faktlarni keltirmaydi.

Bu kitobni to‘la o‘qib chiqqan bo‘lsada, ziyrak kitobxonlarda qator savollarni ochiq qoldiraveradi: Allamjonov haqiqatdan aybdormi yoki o‘zidan qurbon yasayaptimi? Allamjonov aytganlariga ishonsa bo‘ladimi? U xolislik chegarasidan o‘tib ketmadimi?

Bularning barini o‘z mavridi kelganda bilib olarmiz. Shu onda men yana «Flyin Up» guruhining pauzada turgan qo‘shig‘ini davom ettiraman:

«Ostimda, ichimda cheksiz bu osmon

Ko‘rinmas faqat ko‘zga…

…Nechun kera-a-ak aldov?

Hayotning o‘zi sinov".

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin.