O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Koreya tomonidan 31-may kuni tashuvchi kosmik raketa uchirilganidan xavotir bildirdi. TIV matbuot xizmati ushbu holat “Koreya yarimorolidagi keskinlikning yanada kuchayishiga olib keladi”, deya qayd etdi.

“BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq ommaviy qirg‘in qurollarining barcha turlarini sinovdan o‘tkazishdan bosh tortish tarafdorimiz”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston tomoni bundan keyin ham umumiy farovonlik va taraqqiyot yo‘lida Koreya yarimorolida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faol qadamlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi TIV xabarida.

BMT bayonotida aytilishicha, bu Shimoliy Koreyaning birinchi harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga urinishdir.

Voqeadan ko‘p o‘tmay, raketa dengizga qulab tushgan. Mamlakat rasmiylari uning qulaganini tan olgan. Janubiy Koreya armiyasi esa raketa qoldiqlarini topgan. Shimolik Koreya birinchi uchirishda aynan nima noto‘g‘riligi aniqlanganidan so‘ng yana bir uchirishni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish KXDR harakatlarini qoralab, barqaror tinchlikka erishish, shuningdek, Koreya yarimorolining to‘liq va tekshirilishi mumkin bo‘lgan yadrosizlanishi uchun muloqotni imkon qadar tezroq qayta tiklashga chaqirdi.

Uning qayd etishicha, ballistik raketa texnologiyasidan foydalangan holda har qanday uchirish BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalariga zid hisoblanadi.