1-iyunga o‘tar kechasi Rossiya armiyasining Kiyevga uyushtirgan hujumi oqibatida 3 kishi, jumladan, 9 yoshli bola halok bo‘ldi, yana 12 kishi yaralandi, deb xabar berdi Ukraina milliy politsiyasi.

Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya yangi hujumda “Iskandar” operativ-taktik raketa tizimining 10 ta raketasidan foydalangan. Xabarda aytilishicha, barcha raketalar urib tushirilgan.

Raketa parchalari Kiyevning ikki tumanidagi ko‘p qavatli uylar, bolalar bog‘chasi va tibbiyot muassasasiga zarar yetkazgan.

Rasmiylar Bolalar kuni munosabati bilan shaharda rejalashtirilgan barcha tadbirlarni bekor qildi.

Ukraina poytaxtining shu safargi o‘qqa tutilishi so‘nggi bir oy ichidagi 18-shunday hodisa sanaladi. 30-mayga o‘tar kechasi Kiyevga uchuvchisiz uchish apparati hujumi oqibatida 1 kishi qurboni bo‘lgan, yana 13 kishi jarohat olgan.