Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 11 nafar o‘zbekistonlik hunarmandning nufuzli Homo Faber Guide ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qildi.

Mikelanjelo jamg‘armasi tomonidan yaratilgan onlayn maydoncha — Homo Faber Guide hunarmandlar, atelelar, sanoat korxonalari, muzey, galereyalarni izlab topish imkonini beradi. Shuningdek, Yevropa va undan tashqarida kosibchilikning hozirgi zamondagi rivoji bilan bog‘liq tajribani taqdim etadi.

Sayyohlik yo‘llanmasiga kiritilganlar:

  • kulol Akbar Rahimov;
  • zardo‘zlik san’ati ustasi Nodir Rasulov;
  • kulolchilik ustasi Abdulvohid Buxoriy;
  • so‘zana ustasi Madina Qosimboyeva;
  • zarb etuvchi, mis ustasi Jo‘rabek Sidiqov;
  • yog‘och o‘ymakorligi ustasi Odamboy Masharipov;
  • rang-tasvir miniatyurasi rassomi va qadimiy kitoblar restavratori Davlat Toshev;
  • usta kosib Hasan Umarov;
  • ipak gazlamalari ustasi Nurmahammad Valiyev;
  • gilamdo‘zlik ustasi Sabina Burxonova;
  • Meros qog‘oz fabrikasi hunarmandlari.

Ayni paytda platformada shisha damgarlaridan tortib niqob yasovchilargacha, qog‘oz haykaltaroshlaridan to kumush ustalarigacha bo‘lgan 2200 dan ortiq iste’dodli hunarmand va ularning asarlari taqdim etilgan.

homo faber, hunarmandlar

30−31-may kunlari Buxoroda ushbu yutuqni nishonlash va an’anaviy hunarmandchilik sohasida xalqaro madaniy almashinuvni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida muhokamalar, mahorat darslari va seminarlar o‘tkazildi.

Xususan, 30-may kuni madaniy tadbirlar dasturi Mikelanjelo jamg‘armasi ijrochi direktori Alberto Kavalli va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova tomonidan o‘tkazilgan Homo Faber Guide`ning O‘zbekistonga oid bobi taqdimoti bilan ochildi. Taniqli dizayner va hunarmandlar Nada Debs (Livan) va Ahmad Angaviy (Saudiya Arabistoni) “Hunarmandlik qudrati” panel muhokamasida ishtirok etdi.

“Biz Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz…Jamg‘armaning bebaho tavsiyalari sharofati bilan o‘zbekistonlik ustalarning bebaho xazinalarini kashf etishni sabrsizlik bilan kutib qolamiz”, — dedi Alberto Kavalli.

homo faber, hunarmandlar

Gayane Umerovaning ta’kidlashicha, Homo Faber Guide`da O‘zbekistonga oid bob paydo bo‘lishi “an’anaviy o‘zbek madaniyatining ichki dunyosi borlig‘ini yanada teranroq anglash yo‘lidagi muhim qadamdir”.

“Tarixi yuzlab yillarga borib taqaluvchi hunarmandchilikning qadr-qimmatini anglash orqaligina madaniy o‘zlikni asrab-avaylash haqida so‘z yuritish mumkin. Biz uchun “O‘zbekiston bobi”ning vujudga kelishi muayyan piri ustozlarning e’tirofigina emas, uning miqyosi ancha keng, ya’ni butun o‘zbek madaniyatining tan olinishidir”, — dedi u.

Homo Faber yo‘llanmasi ro‘yxatiga o‘zbekistonlik ustalarning kiritilishiga bag‘ishlangan maxsus tadbirlar doirasida Mikelanjelo jamg‘armasi rahbarlari Samarqandga tashrif buyurib, mahalliy hunarmandlar va madaniy meros inshootlari bilan tanishadi.

homo faber, hunarmandlar

Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Mikelanjelo jamg‘armasi kashtachilik yo‘nalishida tahsil olayotgan 10 nafar xorijlik talaba va yosh mutaxassislarga Buxoroga tashrif buyurib, o‘zbekistonlik tengdoshlari va hunarmandlari bilan tajriba almashish, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga sho‘ng‘ish, an’ana va urf-odatlari bilan tanishish hamda Homo Faber Guide ro‘yxatida keltirilgan taniqli hunarmandlar bilan shaxsan uchrashish uchun imkoniyatni taqdim etadi.

Mazkur madaniy almashinuvni qo‘llab-quvvatlagan holda qo‘llanma muharriri Andrea Tomasi ham hunarmandchilik maskanlari, yetakchi mutaxassislar va ustalar haqida batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida mamlakat bo‘ylab sayohat qiladi. Ushbu tadqiqot platformada o‘zbek hunarmandchiligi an’analarining virtual makondagi tafsilotlarini 2023-yil oxirigacha kengaytirishga qaratilgan.

homo faber, hunarmandlar

Tadbirlar dasturi quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan:

  • O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Mikelanjelo jamg‘armasi o‘rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish;
  • ijodkorlik va hunarmandchilikning xalqaro rivojlanishiga nisbatan O‘zbekistonning mavqeyini namoyish etish;
  • Buxoroning YUNESKO ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritilishda nomzod sifatida mavqeyini mustahkamlash;
  • Mikelanjelo jamg‘armasi loyihalari orqali mamlakat rivojiga ko‘maklashish uchun hunarmandlarni jalb etish;
  • butun dunyo kashtachilik ustalarini zardo‘zlik san’ati bilan tanishtirish va mahalliy ustaxonalarda ijodkorlikni rag‘batlantirish.