Qozog‘istonda Onalar kuni va Otalar kuni nishonlanadi, deya xabar bermoqda mamlakat Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Qozog‘istonda bayramlar taqvimini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorga yangi bayramlar to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritildi. Hujjatni bosh vazir Alixan Smailov imzoladi.

Qozog‘istonliklar Onalar kunini may oyining ikkinchi yakshanbasida, Otalar kunini esa iyun oyining uchinchi yakshanbasida nishonlaydilar.

“Oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, oila va ta’lim institutini mustahkamlash maqsadida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nishonlanadigan „Onalar kuni“ va „Otalar kuni“ rasmiy bayramlari mamlakatimizda ham tasdiqlandi”, — deyiladi xabarda.

Otalar kuni birinchi marta 1910-yil 19-iyunda AQShda nishonlangan. Ushbu bayramni yaratish tashabbuskori Dodd xonim deb nomlanadi, u otasiga va u orqali Amerikaning bolalarni tarbiyalashda ishtirok etgan barcha g‘amxo‘r otalariga minnatdorchilik bildirmoqchi bo‘ldi. Bayram asoschisining otasining ism-sharifi Uilyam Smart bo‘lib, rafiqasi oltinchi farzandini dunyoga keltirayotganda vafot etgan, biroq yolg‘iz ota yangi tug‘ilgan chaqaloqni va yana besh nafar bolani muvaffaqiyatli tarbiyalagan.

Bu kun 1966-yilda AQShda milliy bayramga aylandi. An’anaga ko‘ra, har yili o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan kam ta’minlangan otalarga davlat va fuqarolar tomonidan ko‘mak ko‘rsatiladi. Vaqt o‘tishi bilan boshqa mamlakatlar ham ushbu kunni nishonlashni boshladilar.

Onalar kuni — onalar sharafiga bag‘ishlangan xalqaro bayram. Ushbu kunda onalar va homilador ayollarni tabriklash odat tusiga kiradi, Xalqaro xotin-qizlar kunidan farqli o‘laroq, barcha ayol vakillari tabriklarni qabul qiladilar.