O‘zbekistonda ilk bor elektromobillarda harakatlanuvchi taksi xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

White House Bukhara kompaniyasi Buxoroga 30 ta elektromobil yetkazib berdi va yana 20 ta elektromobil sotib olishni rejalashtirmoqda.

Xizmat Eco-taxi brendi ostida ishlaydi. Mashinalar oq rangda bo‘lib, yon tomonlarida logotip, tom qismida esa yonib turuvchi “Taksi” belgisi o‘rnatilgan.

Xabarda avtomobillar bir quvvatlanishda 500 km masofani bosib o‘ta olishi ma’lum qilingan.

Prezidentning 2022-yil dekabrdagi qaroriga muvofiq, elektr transport vositalari va gibrid transport vositalarida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar 2029-yil oxirigacha litsenziya varaqalarini berganlik uchun davlat boji to‘lashdan ozod etilgan.