Senatning “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni muhokamasi vaqtida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov O‘zbekistonda 17 oy davomida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari haqida ma’lumot berdi.

Burxonovning qayd etishicha, agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2021-yil va 2022-yilning 5 oyi davomida budjet tashkilotlari tomonida amalga oshirilgan 429,3 mlrd so‘mlik 5805 ta davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

2022-yil davomida viloyatlarda jami 1625 nafar davlat xizmatchilari davlat xizmati bilan birga rahbar yoki ta’sischi sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani ya’ni ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvga yo‘l qo‘yganini agentlik xodimlari tomonidan aniqlangan.

“Minglab manfaatlar to‘qnashuvi holatlari masofaviy monitoring davomida aniqlangan. Ya’ni ochiq elektron platformalar orqali. Hozir shunday tizim qilinganki barcha manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini biz ochiq bazalarda, vazirlik idoralari saytlarida, davlat xarid portallari va boshqa portallarda aniqlaymiz. Shuning uchun hududlarga borib manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash uchun hududlarga borib qandaydir o‘rganish o‘tkazish, bevosita jismoniy o‘rganish o‘tkazish ehtiyoji mavjud emas”, — deydi agentlik rahbar.

Eslatib o‘tamiz, 1-iyun kuni Senatda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Qonun davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga, ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Bundan buyon manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakolatli organ bo‘lib, sohadagi faoliyatni muvofiqlashtiradi, hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda davlat organi va boshqa tashkilotlar tomonidan tuzilgan bitim, qaror va boshqa hujjatni o‘zgartirish yoki bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo kiritadi.

Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun davlat organi xodimlari BHMning 3 baravardan 5 baravarigacha, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solmaganligi uchun esa mansabdor shaxslar BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.