26-may kuni prezidentning “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi [PF-79-sonli] farmoni qabul qilindi. Adliya vazirligi hujjatdagi muhim bandlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilarning oyligi 2024-yil 1-iyundan maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtiriladi.

2024-yil 1-yanvardan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etiladi. Bunda 2023/2024 o‘quv yilidan o‘qituvchilar stajyor-o‘qituvchi sifatida ishlaydi va 1 yilda sertifikat olishi talab etiladi.

Shuningdek, 1-yanvardan davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi. Bunda malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda pedagogik mahorati baholanadi.