Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov 2016-yilning mart oyidan hozirgacha Koba san’at majmuasi MCHJ ta’sischisi bo‘lib kelgani aniqlandi. Bu haqda bir kun avval internetda paydo bo‘lgan ma’lumotni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tasdiqladi.

Taniqli xonanda Ozodbek Nazarbekov 2017-yildan buyon madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. 2020-yil iyun oyida esa madaniyat vaziri etib tayinlangan (2023-yil boshida vazirlik nomi Madaniyat va turizm vazirligiga o‘zgartirilgan).

30-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Madaniyat va turizm vazirligiga “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun (davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini, tadbirkorlik subyektlarini tashkil etishini taqiqlaydi) va boshqa qonunosti hujjatlariga qat’iy rioya qilinishini hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

“Yuqoridagi holat bartaraf etilib, Koba san’at majmuasi MCHJ ta’sischisi o‘zgartirildi”, — deyiladi xabarda.

Orginfo.uz ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda kompaniya asoschisi Nazarbekov Jafarbek Ozodbek o‘g‘li hisoblanadi.