Mars, Snickers va Bounty ishlab chiqaruvchi Amerikaning Mars, Inc kompaniyasining ishonchli vakili O‘zbekiston Adliya vazirligi Intellektual mulk departamentiga ushbu brendlarga bo‘lgan huquqlar buzilgani to‘g‘risida murojaat qildi, deya xabar berdi departament matbuot xizmati.

Kompaniya adashtirib yuborish darajasida fonetik va grafik jihatdan o‘xshash bo‘lgan Strikers, Maris va Bonti tovar belgilari ostida kontrafakt shokolad mahsulotlarini ishlab chiqarib, savdoga taklif etib kelayotgan “A.B” MCHJga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Departament tomonidan mahalliy korxonada o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi 1-qismi (O‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish) bilan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Qalbaki mahsulotlarning o‘ramini utilizatsiya qilishga qaror qilindi, videoga olingan ushbu jarayon boshqarma matbuot xizmati tomonidan ham e’lon qilindi.