Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Xakala Teri boshchiligidagi delegatsiya 30-may kuni Toshkentga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Tomonlar mamlakatdagi mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda sud-huquq sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar xususida ma’lumot almashdi.

Xalqaro terrorizm va ekstremizm, odam savdosi, giyohvandlik va transmilliy jinoyatlarning boshqa turlariga qarshi kurashish, o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Yevropa Ittifoqi, иив

Bu yo‘nalishda Ichki ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qiladi, xususan, Markaziy Osiyoda chegara boshqaruvini ilgari surish (BOMCA-10 dasturi), Markaziy Osiyo mintaqasi huquq-tartibot xodimlarining bilimlarini mustahkamlashda ko‘maklashish (LEICA), Markaziy Osiyoda giyohvandlik vositalari tarqalishining oldini olish (CADAP) va Migrantlarni vataniga qaytarish (YeURLO).

Mazkur loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha o‘quv kurslarida 300 dan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “doimiy muloqotni rivojlantirish va sohaviy loyihalar orqali tajriba almashish, shuningdek, mutaxassislarning malakasini oshirishni muntazam tashkil etish” bo‘yicha kelishuvga erishildi.