30-may kuni soat 16:00 atrofida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida fuqaro profilaktika inspektoriga bolta bilan hujum qildi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tumanning “Hamkorlik” mahallasi raisi Nurmamat Shoymardonovning uyiga mahallada yashovchi 1976-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba o‘g‘irlik va giyohvand moddalar bilan noqonuniy muomala qilish jinoyatlarini sodir etgani uchun sudlangan, giyohvand shaxs sifatida profilaktik nazoratga olingan A.I. mast holda bostirib kirgan.

Mashiy muammolarini ro‘kach qilgan holda mahalla raisi va uyda bo‘lgan oila a’zolarining tinchligini buzib, janjal ko‘targan, so‘ngra qochib ketgan. Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida shu kuni soat taxminan 19:00 atrofida A.I. o‘z uyiga qaytib kelgani aniqlangan.

U bilan profilaktik suhbat o‘tkazish hamda mahalla raisiga nisbatan sodir etgan huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirish maqsadida fuqaroning xonadoniga borgan mahalla profilaktika inspektori kapitan G‘ofur Berdiyev xonadon egasining qarshiligiga uchragan.

“Xonadon egasi bolta bilan profilaktika inspektoriga hujum qilgan. Uning chap qo‘l tirsagini yaralaganiga qaramasdan, jismoniy kuch ishlatilib, huquqbuzar zararsizlantirilgan”, — deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, inspektor xonadon qo‘shnilari va voqea joyiga yetib kelgan hamkasblari yordamida shifoxonaga yetkazilgan. Tibbiy ko‘rik natijasida chap tirsak pastki qismi suyaklarining ochiq singanligi va qon tomirlarini kesilishi oqibatida ko‘p qon yo‘qotganligi aniqlanib, tegishli muolajalar ko‘rsatilgan.

Hozirda holat yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan.