O‘zbekiston prezidenti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Energetika vazirligi bilan birgalikda 1-sentabrgacha yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish to‘g‘risidagi hujjat loyihasini ishlab chiqish va Prezident administratsiyasiga kiritish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu davlat rahbarining 24-maydagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga “iste’mol qilingan energiya resurslari uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining majburiy ijro etilishini ta’minlash maqsadida” tizimning har bir xodimining mas’uliyatini oshirish topshirildi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish chora-tadbirlarini kuchaytirishi belgilandi.

Departamentga qo‘shimcha ravishda O‘zenergoinspeksiya bilan hamkorlikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari hamda energiya samarador va energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish maqsadida ajratilgan budjet tizimi budjetlari va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining, shuningdek, O‘zbekiston kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlarining maqsadli sarflanishini o‘rganib borish topshirildi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda fuqarolar 1-sentabrdan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalari buzilgan holatlarni foto va videotasvirga olib, Energetika vazirligining maxsus axborot tizimiga yuborishi mumkin. Agar qoidabuzarlik tasdiqlansa, bu haqda xabar berganlarga pul mukofoti beriladi.

Shuningdek, O‘zenergoinspeksiya faoliyatida “Energonazorat” platformasi hamda uning mobil ilovasining sinov versiyasi 2024-yil 1-martgacha (Qashqadaryo viloyatida), to‘liq versiyasi esa 2024-yil 1-oktabrgacha joriy etiladi.

Prezident farmonida prokuratura organlarining yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish sohasidagi vazifalari ham kengaytirilgan. Ular qonunlar ijrosini kuzatish, so‘rovlar o‘tkazish, obyektlarni tekshirish, statistik ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlarni solishtirish orqali o‘rganish orqali prokuror monitoringini olib boradi. Prezidentning mazkur farmoni munosabati bilan prokuratura organlarining shtatlari ko‘paytirildi.

Eslatib o‘tamiz, “Korrupsiyasiz soha” loyihasi sinov sifatida kapital qurilish va oliy ta’lim yo‘nalishlarida boshlangandi. U 2019-yil 1-avgustda ishga tushirilgan. 2020-yil 1-apreldan boshlab loyihani boshqa sohalarda ham bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.