Ta’lim sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Bektosh Xotamov Mening ma’naviy hamrohim nomli darsliklar chiqarilishi haqida eshitgani, ular 1-sinfdan 11-sinfgacha o‘tilishi haqida yozdi. Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov esa bunga e’tibor qaratib, bu kabi darsliklar orqali nima maqsad ko‘zlangani haqida savol qoldirdi.

“Yaqin-yaqingacha maktablarda Vatan tuyg‘usi, Milliy istiqlol g‘oyasi, Ma’naviyat asoslari degan fanlar bo‘lardi va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ular Tarbiya faniga almashtirilgan edi. O‘zi „ma’naviyat“ deganda nimani tushunamiz, „ma’naviyatli kishi“ deganda kimni tasavvur qilamiz, yoshi yoki amali katta kishini ko‘rganda qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib quyuq salom berishu, uning har bir gapini ma’qullab turish ma’naviyatning majburiy atributlarimi, degan savollarga aniq bir javob yo‘q bo‘lgan sharoitda bu darsliklar orqali o‘quvchiga qanday bilim, ko‘nikmalarni berish (yoki mafkurani singdirish?) maqsad qilingan, bilmadim”, — deb yozadi Komil Jalilov.

U O‘zbekiston ko‘p millatli davlat ekani, bir millat (“millat” deganda bu kontekstda siyosiy millat emas, etnos nazarda tutilmoqda) vakilining “ma’naviyat” haqidagi tushunchasi bilan boshqa bir millat vakilining bu tushunchasi mos kelmasligi, hatto bir etnosning turli vakillarining bu boradagi qarashlari farq qilishi mumkinligini ta’kidlab, bular qay darajada yuqoridagi darsliklarda hisobga olinganini so‘roq ostiga oldi.

Vazirlik izohi

“Gazeta.uz” holatga aniqlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan bog‘lanib, izoh oldi.

Ta’kidlanishicha, bu kitoblar Qori Niyoziy nomidagi Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan tayyorlanmoqda, lekin uning nomi bo‘yicha hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan.

“Mening ma’naviy hamrohim nomli qo‘llanma o‘quvchilarning mustaqil dunyoqarashi, kasb tanlash, til o‘rganish va umumaxloqiy fazilatlarni yoshga mos ravishda o‘rgatishga qaratilgan yordamchi o‘quv manba hisoblanib, uning dars soatlari sifatida o‘tilishi yoki darslik sifatida nashr etilishi, o‘quv rejaga kiritilishi rejalashtirilmagan”, — deya qayd etdi vazirlik.

Aniqlik kiritilishicha, mazkur yordamchi qo‘llanmani rivojlangan xorijiy davlatlardagi “cho‘ntak kitoblar” (pocket books)ning analogi deyish mumkin.

“Cho‘ntak kitoblar” rukni ostida tayyorlanayotgan mazkur qo‘llanma o‘quvchilarga motivatsiya berish, bugungi va ertangi real hayotiy ko‘nikmalar, chet tillari va kasb-hunar o‘rganishga qiziqtiruvchi keyslar, axloqiy fazilatlar va kompetensiyalardan kelib chiqib tayyorlanadi, deyiladi vazirlik bergan ma’lumotda.

Uning tuzilishi quyidagi talablar asosida bo‘lishi belgilangan.

  • differensial (boshlang‘ich, o‘rta, yuqori sinflar) asosda;
  • artpedagogik dizaynli, illyustratsiyali;
  • cho‘ntakbop (pocket books);
  • o‘zini o‘zi tarbiyalashga o‘rgatuvchi (skill book);
  • ota-onalar, jamoatchilikni hamkorlikka jalb qiluvchi (savol va topshiriqlar, fidbek va boshqalar orqali);
  • foydali internet resurslarga bog‘langan, ulardan chet tillarni, kasb o‘rganishda amaliy foydalanishga yo‘naltirilgan.

“Eng muhimi, mazkur yordamchi qo‘llanma foydalanuvchilar uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, undan pedagoglar va ota-onalar ham farzand tarbiyasida foydalanishlari mumkin”.

“Gazeta.uz”, shuningdek, bu kitoblarni nashrdan chiqarishni moliyalashtirish qanday bo‘lishi bilan qiziqdi.

“Bu qo‘llanmani institutning ilmiy loyihalariga ajratilgan mablag‘ hisobidan chop qilishadi. Sinflarga ajratilganiga kelsak, xuddi shunday yosh toifasiga mos qilib, turkumlashtirilgan. Qo‘llanmaning hajmi kichkina, yonida olib yursa bo‘ladigan o‘lchamda bo‘ladi”, — deya aniqlik kiritdi vazirlik.

Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) muhim milliy qadriyatlar ro‘yxatini shakllantirishni taklif qilgandi. Unga, jumladan, ota-onaga ehtirom, o‘zbek tili, diniy bag‘rikenglik, so‘z erkinligi va boshqalar kiritilgan.